7 Yanvar 2022 yil 923

Jinoyat sаbаbi - qаrz

Shahrisabz shahar “Koyka” oʼquv markazida 2022 yil 5yanvar kuni sodir etilgan qotillik jinoyati yuzasidan muhokama yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB, Shahrisabz shahar sektorlari mutasaddilari, prokuratura, oila va mahallani qoʼllab-quvvatlash boʼlimi, “Loliston” va Kulolik mahalla fuqarolar yigʼini faollari hamda jinoyat sodir etgan shaxslarning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Muhokama yigʼilishida viloyat IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik Jasurbek Аtaev jinoyatni yuzaga keltirgan shart-sharoitlar va omillarni atroflicha tahlil etdi. Maʼlum boʼlishicha, joriy yil 5 yanvar kuni soat 13-20larda Shahrisabz tumani “Loliston” mahalla fuqarolar yigʼinida yashovchi F.Sh. va akasi F.M.lar tanishi Shahrisabz shahar, Kulolik MFYda yashovchi R.Z. bilan Shahrisabz shahar “Oqsaroy” MFYda joylashgan ustaxona oldida ilgaridan oʼrtalarida boʼlgan qarz munosabatlari yuzasidan kelib chiqqan adovat tufayli janjallashib qoladi. Z.R Sh.F.ga qarzini qaytarib berishini aytib, uni turli soʼzlar bilan haqorat qilib, oʼzaro tortishib qolishgan. Sh.F.ning jahli chiqib, uni oʼldirish maqsadida ustaxonada boʼlgan temir quvur va pichoq olib, Z.R.ni orqasidan quvib borib temir quvur bilan uni urib yiqitgan. Z.R. oʼzini himoya qilish maqsadida yonida boʼlgan pichogʼini qoʼliga olgan vaqtida Sh.F. temir quvur bilan Z.R.ning qoʼliga urgani sababli pichoq yerga tushib ketgan.
Sh.F. va Z.R.ning janjalini kuzatib turgan Sh.F.ning akasi M.F. oʼzi ishlayotgan ustaxonasidan yogʼoch kaltakni olib, janjal boʼlayotgan joyga yetib kelib Z.R.ning bosh sohasiga bir necha marotaba qoʼlida boʼlgan yogʼoch kaltak bilan qasddan urgan.
Shu vaqtda Sh.F. yerda yotgan pichoqni olib Z.R.ning chap koʼkrak yon sohasiga va koʼkrak oʼng yon sohasiga ikki marotaba sanchib olgan. Ushbu pichoq dastasi va tigʼi oʼrtasidan sinib ketganligi bois oʼzining jinoiy harakatlarini oxiriga qadar yetkazish maqsadida oʼzining yonida boʼlgan pichoq bilan yerga qarab yotib qolgan Z.Raxmonovning orqa koʼkrak sohasiga 8 marotaba pichoq sanchib, qasddan oʼldirgan.
Yigʼilishda sodir etilgan mudhish jinoyatni yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlar va omillar tahlil etilganda bu erkaklar oʼzaro qarz munosabatlariga, hayotga yengil-elpi, turmush tashvishlariga yuzaki qarashi oqibatida yuz bergani, mahalla faollari, profilaktika inspektori va qarindoshlar nega bu holatga panja orasidan qaragani tanqid ostiga olindi.
Oʼylab koʼrilsa, mahallada fuqarolarning kundalik tashvishi va dardu muammolari bilan shugʼullanishi lozim boʼlgan mahalla rahbariyati, oqsoqollar, qoʼni-qoʼshni qolaversa, kayvonilar, qarindosh-urugʼlar qayoqqa “qaragani” bugun nomaʼlum. Uch yigitning janjaliga guvoh boʼlganlar tomoshabin emas ularni murosaga chaqirishganida ehtimol mudhish jinoyatning oldi olingan boʼlardi.
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harkatlari olib borilmoqda.

Text to speech