2 Noyabr 2024 yil 1846

“Jahon tamadduni rivojida Mirzo Ulug‘bekning o‘rni”

Qashqadaryo viloyati IIBda “Jahon tamadduni rivojida Mirzo  Ulug‘bekning o‘rni” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari hamda Qarshi DU o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Ixtiyor Xudoyqulov ochdi.

Tadbirda Qarshi DU o‘qituvchisi, dotsent Xayriddin Nizomov so‘zga chiqib, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan avlodlarimiz orasida o‘zbek xalqining buyuk qomusiy olimi, Temuriylar davlatining mashhur hukmdori Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bekning alohida o‘rni borligini ta’kidladi. Mirzo Ulug‘bek boy ilmiy-ma’rifiy merosi hamda mislsiz bunyodkorlik faoliyati bilan yurtimiz taraqqiyoti va jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulkan tarixiy siymodir.

O‘rta asrlarda ona zaminimizda yuzaga kelgan ikkinchi Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi hisoblangan Mirzo Ulug‘bek uzoq yillar o‘z saltanatini adolat va insonparvarlik g‘oyalari asosida boshqarish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bilan birga ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratdi. Uning tashabbusi va homiyligi ostida ko‘plab madrasalar, maktablar, kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko‘priklar hamda so‘lim bog‘lar barpo etildi. Natijada o‘lkamiz har tomonlama taraqqiy etib, Sharqdagi yirik madaniyat va ilm-fan diyoriga aylandi.

Mirzo Ulug‘bek matematika, fizika, tarix, me’morchilik sohalarida ulkan natijalarni qo‘lga kiritdi. Buyuk alloma, ayniqsa, Samarqand shahridagi o‘zi bunyod ettirgan rasadxonada amalga oshirgan keng qamrovli ilmiy tadqiqotlari va kashfiyotlari bilan jahon astronomiya fanining rivojida tub burilish yasadi. Ulug‘ vatandoshimizning ana shunday izlanishlari natijasida yuzaga kelgan «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asari hozirgi paytda ham yulduzlar ilmi sohasida dunyodagi eng buyuk asarlardan biri sifatida e’tirof etilib, olimlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.

Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyatini har tomonlama o‘rganish va ommalashtirish maqsadida ko‘plab tadqiqotlar, mahalliy va xalqaro miqyosda ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Uning davrida bunyod etilgan me’moriy obidalarni asrab-avaylashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizdagi ko‘plab aholi yashash maskanlari, ta’lim muassasalari, poytaxtimizdagi yirik tuman Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Mamlakatimiz va xorijda olimning muazzam haykallari o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi» nomli tarixiy asari ham xalqimizning o‘tmishi haqida muhim manba ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda boshqarma TQX TQKB Targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i, mayor Firdavs Muxammadiyev  hafta davomida jahonda yuz bergan voqea-hodisalar bo‘yicha ma’ruza qildi.

Text to speech