Jaloliddin manguberdi – mardlik va jasorat timsoli
Qashqadaryo viloyati IIBda “Jaloliddin
Manguberdi – mardlik va jasorat timsoli” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat
darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar
xodimlari hamda Qarshi Iqtisodiyot va pedagogika universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni
viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari - ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar
bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Talat Mamatqulov ochdi.
Tadbirda so‘z olgan Qarshi Iqtisodiyot va
pedagogika universiteti o‘qituvchisi
Abdulla Axmadov Vatan ozodligi yo‘lida mardlarcha kurashib, jonini fido qilgan
dovyurak sarkarda Jaloliddin Manguberdi tarixda o‘chmas iz qoldirgan milliy
qahramonimizdir, - dedi.
Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad 1198-yilda
tavallud topgan. Otasi xorazmshohlar mamlakati hukmdori Sulton Alovuddin
Muhammad, onasi esa turkman kanizaklaridan biri Oychechak bo‘lgan.
Jaloliddinning burnida xoli (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan.
Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib, «Manguberdi» bilan mashhur bo‘lib
ketgan.
Jaloliddin Manguberdi voyaga yetgach, otasi
uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston
hududlarigacha bo‘lgan yerlarga hokim va taxt vorisi etib tayinlaydi. Biroq
Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat’iy noroziligi bois Qutbiddin
O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin Manguberdi
otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli
sarkarda sifatida namoyon etgan.
U Valiyon qal’asini qamal qilayot¬ganda
Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, uch kunlik
jangdan so‘ng ularni tor-mor keltiradi. Bu uning mo‘g‘ullar ustidan qozongan
dastlabki yirik g‘alabasi edi.
1221-yili Sind (Hind) daryosi bo‘yida
Chingizxon qo‘shinlarining ilg‘orini tor-mor keltiradi. Biroq kuchi ozligi bois
chekinadi. 4000 jangchisi bilan daryoning o‘ng sohiliga suzib o‘tib, cho‘l
ichkarisiga kirib ketadi. Uning bu jasoratidan hayratda qolgan Chingizxon o‘z
o‘g‘illariga qarab: «Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!» degan. Bu cho‘l
hozir ham Cho‘li Jaloliy deb ataladi.
Sheryurak bahodir Jaloliddin Manguberdi
nafaqat Vatan ozodligi va xalq manfaati yo‘lida kurashgan sarkarda, balki islom
dinini munosib himoya qilgan buyuk e’tiqod egasi hamdir. Uning jasoratiga
Chingizxonday yovuz bosqinchi ham lol qolib, mardligini tan olgani tarixdan
ma’lum. Jaloliddin Chingizxonga ilk bor 19–20 yoshlarida ro‘baro‘ kelgan. U
32–33 yoshida vafot etgan bo‘lsa, demak, hayotining 11–12 yili mobaynida 48 ta
jang ko‘rgan.
Chingizxon qo‘shinlari o‘z yurishlarida
birinchi bor Jaloliddinning lashkarlaridan yengila boshlagan. Jumladan, to‘rt
muhorabada sarkarda tomonidan mo‘g‘ul qo‘shiniga qaqshatqich zarba berilgan.
O‘sha davrda Chingizxon ko‘plab mamlakatlarni zabt etishga ulgurgandi. Ayniqsa,
musulmon xalqlarida ushbu mo‘g‘ul qo‘shiniga qarshi turib bo‘lmaydi, ular
ya’juj-ma’jujlar, degan tushuncha paydo bo‘la boshlagandi. Jaloliddin
Manguberdi mana shu qarashni yo‘qqa chiqardi. Chingizxonga qarshi kurashish,
uning lashkarini mag‘lub etish mumkinligini isbotladi.
Eng muhim jihat shuki, Jaloliddin
Manguberdining boshiga ne bir musibat tushmasin, faqat va faqat Vatan dedi,
uning istiqlolini, istiqbolini o‘yladi. U Xorazmshohlar vakili sifatida boshqa
hukmdorlardan panoh so‘rashi, o‘z jonini xatarga qo‘ymasdan, biror saroyda
yashab o‘tishi ham mumkin edi. Biroq bunday qilmadi, ozodlik, hurlik yo‘lida
kurashdi: butun yer yuzini titratib turgan Chingizxonning ko‘ziga tik boqdi,
dushman ustiga ot surdi. Vatan ozodligi yo‘lida qon yutdi, qon to‘kdi, jon
oldi, jon berdi. Jasorat va mardlik timsoli, qahramon sarkarda Jaloliddin
Manguberdi mangulikka daxldor buyuk ajdodimizdir!
Keng ko‘lamli tadbirda boshqarma Tibbiyot
bo‘limi SENM boshlig‘i, mayor Rustam Daminov “Mavsumiy kasalliklar va ularni
oldini olishchoralari va usullari” mavzusida ma’ruza qildi.
Yakunda Boshqarma TQX TEQKB mas’ul xodimi
tomonidan jahonda yuz berayotgan terroristik harakatlar, ijtimoiy siysiy
vaziyat haqida ishtirokchilarga ma’lumotlar berdi.