17 Iyul 2025 yil 259

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik Sherzod Ibragimov hamda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismoilov boshchiligida mamlakatimizda joriy yil 15 iyuldan 15 avgustga qadar o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida yo‘riqnoma tashkil etildi.

Yo‘riqnomada - mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yish borasida xizmat xodimlariga aniq vazifa va topshiriqlar yuklatildi. Tungi xizmatga jalb qilingan xodimlarga manzilli va aniq vazifalar belgilab berildi. Ularning burchi faqatgina nazorat emas, balki fuqarolarga ishonch bag‘ishlash, har bir ko‘chada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash ekanligi ta’kidlandi.

Ma’lumki, mahalla — jamiyatning yuragi. Shu bois profilaktika inspektorlari tomonidan uyma-uy yurishlar tashkil etilmoqda. Ushbu jarayonda aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, kiberxavfsizlik, oilaviy totuvlik va farzandlar tarbiyasi masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Qarshi shahri hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida Yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan maxsus kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Reydlar davomida transport vositalarda o‘tkir tig‘li ashyolar va sovuq qurollarni saqlab yurish holatlariga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi o‘qtirildi..

Yo‘riqnoma yakunida fuqarolar hayotini asrash maqsadida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib mardlik va fidoyilik ko‘rsatgan viloyat IIB JXX YHXB Transport nazorati guruhi inspektori, kichik serjant Nodir Mirzayev alohida tilga olindi.

Shuningdek, xizmat vazifalariga sidqidildan va mas’uliyat bilan yondashib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashda yuqori kasbiy mahorat namoyon etgan bir guruh YPX xodimlariga ham IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i va Viloyat IIB rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirilib, pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Text to speech