26 Iyun 2021 yil 1139

“YОSНLАR – YАNGI OʼZBEKISTON BUNYОDKORI”

 

Qashqadaryo viloyati IIBda Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʼlimi, Qarshi DU oʼqituvchilari, markaziy va mahalliy OАV hamda shaxsiy tarkib ishtirokida “Yoshlar – yangi Oʼzbeikston bunyodkori” mavzusida Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Tadbirni viloyat IIB boshligʼi oʼrinbosari, polkovnik Xabibullo Bozorov ochdi.
Kelajak bunyodkorlari boʼlgan yoshlarning bugungi taʼlim-tarbiyasi ertangi kunimizni belgilab beruvchi muhim omildir. Shu bois ham Oʼzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlash, ularning sifatli taʼlim-tarbiya olishi, oʼz iqtidorini toʼla-toʼkis namoyon qilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bundan tashqari, ularning ijtimoiy, huquqiy himoyasi ham doimiy diqqat markazida. Koʼrinib turibdiki, yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʼnalishlaridan biridir.
- Yurtimizda 30 iyunь – Yoshlar kuni deb eʼlon qilinib, turli soha va tarmoqlarda yuksak natijalarga erishib kelayotgan yoshlarimiz uchun “Mard oʼgʼlon” davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medallari taʼsis etilgani ularga mamlakatimizda yuksak eʼtibor qaratilayotganing belgisi, - dedi tadbirda ishtirok etgan viloyat Yozuvchilar uyushmasi rahbari, IIO faxriysi, shoir Oʼroz Haydarov. - Kelajagimizning qanday boʼlishi, yangilanish va oʼzgarishlar yuz berishi vatanparvar yoshlarimizga bugun berayotgan eʼtiborga bogʼliq. Ularni fidoyi, vatanparvar, ham intellektual, ham jismonan barkamol etib tarbiyalash asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Maʼnaviyat–insonni kamolotga yetaklaydigan asosiy kuch. Har bir bola kelajakda maʼnaviy komil inson boʼlib shakllanishida oʼsmirlikda olgan tarbiyasi, taʼlimining ahamiyati beqiyos. Yoshlarda kitobxonlik koʼnikmalarini mustahkamlash maqsadida, yangidan-yangi tashabbuslar amalga oshirilib, respublika boʼylab kitobxonlikka targʼib qiluvchi turli koʼrik-tanlovlar, tadbirlar, festivallar oʼtkazib kelinmoqda.
- Ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi saʼy-harakatlarni tizimli asosda yoʼlga qoʼyish boʼyicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi Oʼzbekiston tarixida yoshlar taʼlim-tarbiyasi boʼyicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi, - dedi Qarshi DU oʼqituvchisi dotsent Mahmud Xushnaev. - Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan, bu saʼy-harakatlar zamon talablariga mos ravishda takomillashtirilmoqda. Xususan, 2016 yil 14 sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati toʼgʼrisida»gi qonun ekanida ham ramziy maʼno mujassam.
Oʼzbekiston rahbari bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va ekstremizm shiddat bilan oʼsib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillardan biri sifatida asoslab berib, ayni davrda insoniyat tarixidagi eng koʼp yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda, BMT minbarida turib Yoshlar huquqlari toʼgʼrisidagi BMT konventsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Quvonarlisi, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi.
Ichki ishlar organlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash hamda ularni yagona maqsad yoʼlida birlashtirish maqsadida bugungi kunda Oʼzbekiston yoshlar ittifoqining Ichki ishlar vazirligidagi jami 331 nafar boshlangʼich tashkilot yetakchilari va 1202 nafar sardorlari faoliyat olib bormoqda.
Ichki ishlar organlarida istiqbolli yosh xodimlarni qoʼllab-quvvatlash, ularning iqtidorini roʼyobga chiqarish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlashda izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbir yakunida IIO xodimlari faoliyati va sohada amalga oshirlayotgan yangilanishlarni keng ommaga yetkazish borasidagi turkum koʼrsatuv va maqolalar uchun bir guruh markaziy va mahalliy OАV xodimlari kasb bayrami bilan qutlanib, viloyat IIBning "Tashakkurnoma"si va qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandi.

Text to speech