9 Oktyabr 2021 yil 621

Yoshlar va faxriylar uchrashuvi

IIV Qashqadaryo akademik litseyida viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati, boshqarma Faxriylar kengashi va yosh xodimlar hamda litsey oʼquvchilari ishtirokida uch avlod uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Yigʼilishni boshqarma Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʼi oʼrinbosari podpolkovnik Sh.Muslimov ochib, “Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida nishonlangan mustaqilligimizning 30 yilligi tantanalari xalqimiz tomonidan yuksak saviyada nishonlanganini taʼkidladi. Аlbatta, mustaqillikni mustahkamlash va davlatimiz taraqqiyotida katta avlod vakillarining beminnat xizmati bor. Shu bois bugun ularni eʼzozlash, hurmat ehtirom koʼrsatish davlat ahamiyatidagi masalaga aylandi. Jumladan istiqlolni koʼz qorachigʼiday asrashda boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylarning ham munosib hissasi borligini alohida taʼkidlash joiz. Faxriylarning tajribasi va malakasi yosh xodimlar uchun ibrat maktabi.
Ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan otaxonlarning aksariyati oʼyda oʼtirishni ep bilmasdan ustoz-shogird anʼanasiga sodiq qolgan holda soha vakillaridan oʼz maslahatlarini ayashmayapti.
Tadbirda boshqarma Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Sodiq Islomov soʼzga chiqib, yurtimizda faxriylarga koʼrsatilayotgan ehtirom, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va ularga davlatimiz tomonidan koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrliklarni eʼtirof etdi. Jumladan, faxriylar holidan xabar olish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvatlash ishlari har doim rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmayati. Oʼz navbatida faxriylar ham yoshlarda vatanga muhabbat, Prezidentga sadoqat tuygʼularini yanada chuqurroq singdirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” kabi qator tadbirlarda xodimlarning kasb mahorati va tajribasini oshirishga oʼz hissasini qoʼshib kelmoqda.
Tadbirda yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, gʼamxoʼrliklardan ilhomlanib, Vatan xizmatiga kamarbasta boʼlishga, bunda faxriylarning xizmat va hayot yoʼlida orttirgan tajriba maslahatlariga tayangan holda puxta bilim olib, har tomonlama yetuk kadrlar boʼlib yetishishini bildirishdi.

Text to speech