30 Iyun 2021 yil 637

YOSHLАR FORUMI ISHTIROKCHILАRI TАQDIRLАNDI


Yoshlar kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Yoshlar forumi”da ishtirok etib qaytgan xodimlarni taqdirlashga bagʼishlangan tadbir boʼlib oʼtdi. Unda ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari va shahar-tuman ichki ishlar boʼlimlarida xizmat qilayotgan yoshlar ittifoqining yetakchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari polkovnik Xabibulla Bozorov ochib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni intellektual salohiyatini roʼyobga chiqarish va ularga munosib shart-sharoitlar yaratib berish uchun bir qator ishlar amalga oshirilayotganini, jumladan, ichki ishlar organlari ham bundan mustasno emasligini bildirdi. Oʼzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʼgʼrisida”gi Qonuni va boshqa qaror va yoshlarga oid boshqa qonun hujjatlarida ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlari yaratilgan. Iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash, ularni turli zararli illatlar taʼsiridan himoya qilish, huquqbuzarliklar va jinoyat sodir etishining barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalarga ham eʼtibor qaratilib, bu borada ibratga molik ishlar amalga oshirilayotgani eʼtirof etildi.
Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi miqyosida oʼtkazilgan “Birinchi Respublika Yoshlar forumi”da faol ishtirok etib, “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi” nominatsiyasi gʼolibligini qoʼlga kiritgani uchun boshqarma Kadrlar boshqarmasi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya boʼlimi yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori katta leytenant Shahboz Toʼxtaev Ichki ishlar vazirining “Kubogi” bilan taqdirlandi.
Ichki ishlar organlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishdagi faol ishtiroki, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash ishlariga qoʼshgan munosib hissasi uchun Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar organlarining bir guruh yosh xodimlari Ichki ishlar vazirining “Faxriy yorligʼi” va boshqarma boshligʼining “Tashakkurnoma”lari bilan taqdirlandi.

Text to speech