Yosh xodimlar muzeyda boʼlishdi
18 may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati IIBning turli sohalarida xizmat qilayotgan bir yosh guruh xodimlar Qarshi davlat universiteti huzurida tashkil etilgan Qarshi shahar “Gulshan” mahallasi, Jayxun koʼchasida joylashgan “Аbu Ubayda ibn al-Jarrox” yodgorlik majmuasida joylashgan “Qatagʼon qurbonlari xotirasi” muzeyida boʼlishdi.
Tarix silsilasida ajdodlarimiz yashagan davr va milliy qadriyatlarni aks ettirgan surat va koʼrgazmali eksponatlarni oʼz ichiga olgan 12 ta boʼlimda iborat “Qatagʼon qurbonlari xotirasi” muzeyida boʼlgan ichki ishlar organlari xodimlari Buxoro amirligining chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi, mahalliy xalqning erk va hurriyat uchun kurashishi (1868-1900), el-yurt himoyasi yoʼlidagi kurashlar, 1916 yildagi Turkiston qoʼzgʼoloni, milliy uygʼonish harakatining namoyon boʼlishi va amaliy yoʼnalishlarga oid maʼlumotlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Turkiston Muxtoriyat hukumatining tugatilishi va sovet davlati qatagʼon siyosatinig boshlanishi (1917-1924 yillar), sovet hokimiyatining “Kollektivlashtirish” va “Quloqlashtirish” siyosati, uning fojeali oqibatlari (1930-1936 yillar), 1937-1938 yillardagi Qatagʼon siyosati, II-Jahon urushi arafasi yillarida sovet hokimiyati tomonidan oʼtkazilgan etnik qatagʼonlar, qatagʼon jarayonining 1940-1950 yillarda davom ettirilishi, 1980 yillardagi qayta qatagʼon va “Paxta ishi kompaniyasi”, Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi va qatagʼon qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi milliy qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish yoʼlida amalga oshirilgan tarixiy ishlar (1991 yillardan keyingi davr), Qatagʼon qurbonlari xotirasining tiklanishi kabi qimmatli maʼlumotlar bilan tanishdilar.
Yoshlar bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi. Ular ongini Vatan va millat tarixidagi qora kunlar va bu yoʼlda shahid boʼlganlar yodi bilan tanishtirish bugungi avlodning vazifasi.