Yigʼilish tanqidiy ruhda oʼtdi
Yaqinda Qashqadaryo viloyati IIB Probatsiya boʼlimi va uning joylardagi guruhlari xodimlari tomonidan joriy yilning oʼtgan davrida amalga oshirgan ishlari yakuniga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda viloyat prokuraturasi, IIO Probatsiya boʼlimi va shahar-tuman guruhlari (katta) inspektorlari ishtirok etdi. Yigʼilishni boshqarma Probatsiya boʼlimi boshligʼi mayor S.Sharopov ochdi.
Yigʼilishda IIO Probatsiya guruhlari (katta) inspektorlarining xizmat intizomi qonunchilikka amal qilishi, nazorat ostida turgan shaxslar bilan yaqin munosabat oʼrnatmaslik, korruptsiya va taʼmagirlikning oldini olish, huquqbuzarlik va jinoiy holatlarga yoʼl qoʼymaslik, mahkumlar tomonidan salbiy xatti-harakatlar sodir etilishini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.
Viloyat miqyosida ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʼliq boʼlmagan jazolarini ijro etilishini tashkil qilish, nazoratda turgan shaxslarni hulq-atvorini toʼliq oʼrganish va taʼsirchan nazoratni amalga oshirish, ularni ish bilan taʼminlash hamda qayta jinoyat sodir etish xavfini barvaqt aniqlash boʼyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotganligiga qaramasdan viloyat tuman(shahar) ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari tomonidan hisobda turgan shaxslarni nazorat qilish va bandligini taʼminlashda ayrim kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganligi aytib oʼtildi.
Yigʼilishda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi boʼlim boshligʼi S.Nurmatov soʼzga chiqib, probatsiya hisobida turgan har bir shaxs bilan yetarli darajada profilaktik ishlar olib borishda oilaviy va turmush sharoitini oʼrganish, qayta kasbga yoʼnaltirish, hunarga oʼqitish, axloq tuzatish ishi jazosi nazoratida turgan shaxslar bilan belgilangan tartibda profilaktik suhbatlar oʼtkazib, boshqa davlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilishni kuchaytirish lozimligini taʼkidlab oʼtdi.