12 Mart 2022 yil 665

“Yashil makon” umumilliy harakati avj pallada


Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “”Yashil makon umumilliy harkati” mavzusida “Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi aʼzolari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi MMI va KBTX boshligʼining oʼrinbosari podpolkovnik Shermuhammad Muslimov ochdi.
Mavzu doirasida viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boʼlim boshligʼi Аziz Qurbonov yurtimizning shahar-u qishloqlarida koʼklam nasimlari esib, allaqachon bahor darakchisi boychechaklar boʼy koʼrsatib ulgurgan ayni damlarda butun mamlakatimiz boʼylab “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanini eʼtirof etdi. Mehnatsevar xalqimiz ona zaminimizga nihol qadab, bogʼ-u rogʼ barpo etish, uning har goʼshasini yashillikka burkashdek ulugʼ maqsad yoʼlida birlashdi. Bugun yurtimizda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʼlgan insonlar mazkur umummilliy loyihasida ishtirok etmoqda. Korxona-tashkilot, sektor hududlari, maktabgacha taʼlim dargohlarida ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Ota-bobolarimiz ham “Birni kessang, oʼnni ek” deya bejiz taʼkidlamagan. Bu maqolning mohiyatida shunchaki nihol ekib, bogʼ yaratish emas, balki bizni oʼrab turgan olamdagi yashillikni saqlashdek ezgu maqsad mujassam. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va eʼtibor berishimiz, u bilan uygʼun boʼlib yashashimiz kerak.
Bu nima degani? Bu – tabiatni asrash suv resurslarini tejash, isrof qilmaslik, ekologik tizimni barqarorlashtirish, daraxt ekib, bogʼ yaratish degani.
Soʼnggi yillarda dunyo miqyosida texnika va texnologiya, sanoatning yuqori surʼatlarda rivojlanib, tabiatga nisbatan inson omilining ortishi ekologiyaga sezilarli darajada salbiy taʼsir oʼtkazayotgani hech birimizga sir emas. Bu jarayonlar bir osmon ostidagi mamlakatlar qatorida, bizning yurtimizni ham chetlab oʼtayotgani yoʼq. Dunyoda sodir boʼlayotgan iqlim oʼzgarishlarining oqibatlari har bir davlatni “yashil taraqqiyot” hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga monand harakatlarni amalga oshirishga daʼvat etmoqda.
Prezidentimizning “Respublikada koʼkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmoniga muvofiq, yurtimizda daraxtzorlarni koʼpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining joriy etilishi bu borada tizimli ishlarning yanada keng quloch yoyishiga xizmat qildi.
Oʼtgan yili yurtimizda kuz mavsumining “dolzarb 40 kunligi”da koʼplab hudud va tarmoq rahbarlari, mahallalar, aholi, fermer-dehqonlar, umuman keng jamoatchilik jonbozlik koʼrsatib, 85 million dona daraxt koʼchatlari ekildi.
Joriy yilning 2-fevral kuni Prezidentimiz raisligida boʼlib oʼtgan videoselektor yigʼilishida keng hududlardagi ekologik holatni yaxshilash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʼyicha joriy yildagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ushbu umummilliy harakatdagi ustuvor vazifalardan biri – joriy bahor mavsumida mamlakatimizda 125 million dona daraxt koʼchatlarini ekishni samarali tashkil etishdan iborat. Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʼchatlarni tanlab, ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun koʼchatxonalarni koʼpaytirish masalasi alohida eʼtiborda boʼlishi lozim.
“Maʼrifat darsi”da “Tavakkalchilikka asoslangan oʼyinlarning salbiy oqibatlari” xususida IIV TQHB Kiberxavfsizlik markazi katta tezkor vakili katta leytenant Akrom Ubaydullaev va viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan korruptsion jinoyatlarning tahlili boʼyicha boshqarma MMI va KBTX boshligʼi oʼrinbosari podpolkovnik Shermuhammad Muslimovning maʼruzalari ham tinglandi.

Text to speech