Yakkabog‘ tumanida sodir etilgan og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati bo‘yicha Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ishtirokida muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Yakkabog‘ tumanidagi 23-maktabda “Yangi hayot” mahallasida sodir etilgan og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Yakkabog‘ tuman ichki ishlar bo‘limi rahbariyati, mahalla faollari, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini beshligi, profilaktika inspektorlari, keng jamoatchilik vakillari hamda jinoyat sodir etgan shaxsning oila a’zolari ishtirok etdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 sentabrdagi 565-sonli Qaroriga asosan tashkil etilgan muhokama yig‘ilishida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Isroil Ximmatov sodir etilgan jinoyating kelib chiqish sabablari va ularning sodir etilishiga imkon yaratib bergan shart-sharoitlarni atroflicha muhokama qildi.
Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari o‘z so‘zida Yakkabog‘ tumanida fuqarolar tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar tez-tez sodir etilayotganini, bu borada mutasaddi idoralar ish faoliyatda loqaydlikka, sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini tanqid ostiga oldi. Mahallalarda huquqbuzarliklar va jinoyatlar profilaktikasi nihoyatda qoniqarsiz darajada tashkil etilayotgani bois og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilayotganini qayd etdi. Jumladan, tumandagi “Yangi hayot” mahallasida sodir etilgan jinoyat ham nazoratsizlik va loqaydlik sabab yuz berganini ta’kidladi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Yangi hayot” mahallasida qo‘shni bo‘lib yashovchi ikki fuqaro o‘zaro janjallashib qolib, biri ikkinchisini boshiga tayoq bilan urib tan jarohati yetkazgan. Natijada bir fuqaro og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga tushgan.
Bu fuqarolar bundan oldin ham bir-biri bilan nizolashib yurganini mahalla beshligi “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlarni amalga oshirishda chuqurroq o‘rganmagani tufayli og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani tanqid ostiga olindi. Fuqarolarning kundalik tashvishi va maishiy muammolari bilan sho‘g‘ullanishi lozim bo‘lgan mahalla beshligi ogoh va hushyor ish olib borib, bu qo‘shnilar turmush tarzini vaqtida o‘rganganida bu jinoyatning oldi olinardi.
Holat bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘ralib, har bir mahalla faollari o‘z ishini jonlantirishi, zimmasidagi mas’uliyatni his etgan holda faoliyat olib borishi, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini beshligi zimmasiga kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish borasida aniq manzilli vazifalar yuklandi.
Jinoyat muhokamasi yuzasidan tumandagi boshqa mahallalarda ham yuqoridagi kabi salbiy holatlarni oldini olish, mahalla beshligi va sektor ishchi guruhi tomonidan “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlarni amalga oshirishda fuqarolarning hayoti va turmush tarzini chuqur o‘rganish, muammolarini hal etish, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi nizolarni erta aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida targ‘ibot tadbirlari ham amalga oshirildi.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.