24 May 2022 yil 312

Xotin-qizlar faolligi oshirilmoqda

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida “Ichki ishlar organlarida xotin-qizlarning faolligini oshirish va ularni qoʼllab-quvatlash” mavzusida “Uch avlod uchrashuvi” boʼlib oʼtdi. Unda Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati, Birlashgan tahririyati, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy boʼlimlari va sohaviy xizmatlari hamda shahar-tuman ichki ishlar boʼlimlari xotin-qizlari, vazirlik Qashqadaryo akademik litseyi oʼquvchi qizlari va faxriy xodimalar ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi oʼrinbosari polkovnik Olimjon Аbdullaev ochib, tinchlikni koʼz qorachigʼiday asrash, el osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklar, jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish va roʼy berganlarini fosh etishda ichki ishlar organlari tizimida erkaklar bilan yelkama-elka xotin-qizlar ham samarali xizmat qilib kelayotganini taʼkidladi. Bunda ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, bugungi kunda yoshlarga murabbiylik qilayotgan faxriylarning ham munosib hissasi bor, dedi
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshligʼining xotin-qizlar masalalari boʼyicha oʼrinbosari podpolkovnik Nargiza Mirjalolova soʼz olib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil mart oyida oʼtkazgan videoselektorda xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash sohasining yangi tizimini belgilab berdilar, - dedi.
“Yangi Oʼzbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ayollarga munosib sharoit yaratish, ularning tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash masalasini eng muhim yoʼnalishlardan biri sifatida bejizga belgilandi. Natijada mamlakatimizda xotin-qizlar faolligini oshirish, tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash, shart-sharoitlar yaratib berish, ustuvor vazifaga aylandi.
Xotin-qizlarning huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligi va haq-huquqlarini taʼminlash borasidagi mehnatlari davlatimiz va ichki ishlar vazirligi tomonidan munosib taqdirlanib kelinayotganini taʼkidlab oʼtdi. Fidoyi xodimalar davlatimizning orden va medallari va ichki ishlar vazirligining koʼkrak nishonlari bilan taqdirlanayotir. Bundan tashqari, xotin-qizlarni ijtimoiy va moddiy qoʼllab-quvvatlash maqsadida uy-joy, avtomashinalar uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar berilayotgani aytib oʼtildi.
Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati Bosh muharriri polkovnik Bernora Sadikova ichki ishlar organlarida xotin-qizlarga koʼrsatilayotgan eʼtibor va gʼamxoʼrlik “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da insonga, ayniqsa, xotin-qizlarga yanada katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Bu borada soha xodimalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni IIV birlashgan tahririyat nashrlari “Postda-Na postu” gazetalari va “Qalqon-Shit” jurnallarida yoritilib, xalqqa yetkazilayotganini taʼkidladi. Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatida erishilayotgan yutuqlarni ommalashtirish, xodimlarining maʼnaviyatini oshirish maqsadida Maʼrifat darsi mavzulari, oʼqilishi lozim boʼlgan 39 ta oʼzbek va xorijiy kitoblar boʼyicha ham gazeta sahifalarida “Oʼqishga tavsiya etaman” rukni asosida maqolalar berib borilayotir.
Boshqarma Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Jamila Sultonova mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va ularga davlatimiz tomonidan koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrliklarni ruyobga chiqarishda bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan onaxonlarning ustoz-shogird anʼanasiga sodiq qolgan holda har yili “Uch avlod uchrashuvi”larida xodimalarning kasb mahorati va tajribasini oshirishga oʼz hissasini qoʼshayotganini bildirdi.
Yakunda xizmatda ijobiy natijalarni qoʼlga kiritib kelayotgan bir guruh shahodatlangan xotin-qizlar viloyat IIBning “Tashakkurnoma”, faxriy xodimalarga estalik sovgʼalari berildi.

Text to speech