Xodimning aholi bilan muloqot madaniyati
Qashqadaryo viloyati IIBda “Xodimning aholi bilan muloqot madaniyati” mavzusida maʼrifat darsi boʼlib oʼtdi. Unda Qarshi iqtisodiyot muhandislik instituti va boshqarma sohaviy xizmatlari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirni viloyat IIB boshligʼi oʼrinbosari, polkovnik X.Bozorov ochdi va olib bordi.
Inson doim soʼzga, muloqotga ehtiyoj sezadi. Muloqot orqali bir-biri bilan fikr almashadi, tuygʼular ifoda etadi, bahsga kirishadi. Shu jihatdan qaraganda, muloqot kishilar uchun hamisha qulaylik vositasi boʼlishi kerak. Biroq oxirgi paytlarda aynan huquqni muhofaza qilish tizimida faoliyat yurituvchi xodimlarning muloqot jarayonidagi muammolari bilan bogʼliq video yoxud audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez koʼzga tashlanayotgani taʼkidlandi.
Tahlillarga qaraganda odamlar bilan eng koʼp muloqot qiluvchi soha vakillari roʼyxatining avvalida esa ichki ishlar, savdo xodimlari, aloqachilar, rahbarlar, muxbirlar turishar ekan.
-Bugungi kunda aksariyat odamlarda psixo-emotsional holat turgʼun emasligi, ammo istalgan xodimning muloqotdagi, xizmat jarayonidagi kamchiligi birgina uning emas, butun tizimning kamchiligi deb talqin qilinayotgan hozirgi sharoitda muloqot madaniyatini oshirish masalasiga har doimgidan-da fasohat bilan yondoshish lozim. Chunki birgina xodimning aholi orasida ijobiy taassurot paydo qildi degani, asta-sekinlik bilan butun boshli tizimga berilgan yuqori baho, ishonchning asosi boʼlib xizmat qiladi,-dedi tadbirda ishtirok etgan Qarshi MII oʼqituvchisi dotsenti Q. Maxmanazarov.
Yigʼilishda Ichki ishlar vazirligining “Ichki ishlar organlarining tashqi sohaviy xizmatlari faoliyatida axloq va muloqot madaniyati kodeksi”, “Ichki ishlar organlari xodimlarining odob-axloq qoidalari” hamda “Ichki ishlar organlari xodimlarining muomala madaniyatini oshirish choralari toʼgʼrisida”gi buyruqlarini puxta oʼrganib, fuqarolar bilan muomala qilishda meʼyoriy hujjatlar talabidan chiqmaslik doimo diqqat-markazda boʼlishi taʼkidlab oʼtildi.
Tadbir yakunida Oʼzbekiston Respublikasi IIV Psixologlar guruhi tomonidan shaxsiy tarkibdan anonim soʼrovnoma olindi.