7 Avgust 2023 yil 280

Xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish tanqidiy-tahlil etildi

Mirishkor tuman IIBda shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida turli korrupsion hamda  favqulodda ro‘y beradigan salbiy holatlarni oldini olish, bu borada belgilangan chora-tadbirlar ijrosi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Mirishkor tuman IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Ko‘lami keng yig‘ilishni boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev ochib, kun tartibiga qo‘yilgan masalalarni tanqidiy-tahlil etdi.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish, faoliyat davomida korrupsion va favqulodda holatlar sodir etilishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan bir qator tarbiyaviy-profilaktik, “xodimbay” ishlarga qaramay salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid ostiga olindi.

Bu borada bo‘lim rahbariyatining ayrim rahbarlari ishi atroflicha tahlil qilinganda xodimlar bilan yakka tartibda suhbatlar, ish faoliyati, oilaviy sharoiti va  muammolarini o‘rganish, o‘y-fikrlari bilan qiziqish kabi holatlar umuman o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bo‘limda barcha sohalarda amalga oshirilgan ishlar qoniqarsiz deya baholandi. 

Tadbirda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan korrupsion, yo‘l-transport hodisalari sodir etish va boshqa favqulodda holatlarni oldini olish, avtomashinani hujjatsiz boshqarmaslik, faoliyat jarayonida fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish, pirovardida xalq manfaatlariga xizmat qilishni ustuvor bilish bugungi kun talabi ekanligi tushuntirildi.

Xizmat davomida xodimlar o‘rtasida korrupsiya va boshqa qonunbuzilishi holatlari xodimlar tomonidan yuqoridagi kabi salbiy holatlar yuz berishiga sababchi bo‘lgan bo‘limning ayrim rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etilib, ayrimlari intizomiy tartibda jazolandi.

Yakunda ichki ishlar organlari xodimi sha’niga dog‘ tushiradigan salbiy holatlarga yo‘l qo‘yganlar  ichki ishlar organlaridan bo‘shatish bilan cheklanib qolmasdan jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi to‘g‘risida xodimlar rasman ogohlantirildi.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan tarbiyaviy-profilaktik ishlarni kuchaytirish bugungi kun talabi ekanligini shaxsiy tarkib e’tiboriga yetkazdi.

Tanqidiy-tahlil asosidagi yig‘ilishlar viloyat ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xizmatlari va shahar-tumanlarida davom ettirilmoqda.

Text to speech