4 Sentyabr 2021 yil 441

“Xavfsiz hudud” tadbiri doirasida yonida tigʼli jism, bita va temir boʼlaklari olib yurgan yigirmaga yaqin fuqarolar aniqlanib tegishli tartibda xujjatlar rasmiylashtirildi

Qarshi shahrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat joylarida huquqbuzarliklar va jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda roʼy berganlarini fosh etish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan “xavfsiz hudud” tadbiri doirasida “Tigʼ” profilaktik tadbiri oʼtkazib kelinmoqda. Tadbir mohiyatiga koʼra, koʼcha-kuyda bezorilik, ogʼir va oʼta ogʼir tan jarohati yetkazish jinoyatlari sodir etilishini oldini olish maqsadida oʼtkazib kelinayotgan tadbirning oxirgi oʼn kunligida yonida va avtomashinada tigʼli jism, bita va temir boʼlaklari olib yurgan yigirmaga yaqin fuqarolar aniqlanib, ularning ayrimlariga nisbatan maʼmuriy qamoq va jarima jazo choralari koʼrildi.
Masalan, shu yil sentyabr oyining ikkinchi kuni “Otchopar” MFY hududida Qarshi shahrida yashovchi 1997 yilda tugʼilgan Nuriddin, 2000 yilda tugʼilgan Dilshod, 2002 yilda tugʼilgan Hosilbek, 2001 yilda tugʼilgan Saidbek, 1999 yilda tugʼilgan Dilshodlar yonida sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin boʼlgan oʼtkir tigʼli jismlarni oʼzlari bilan olib yurib, janjallashmoqchi boʼlib turganda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan aniqlandi va sodir etilishi mumkin boʼlgan ogʼir jinoyatning oldi olindi.
Holat yuzasidan toʼplangan hujjatlar Jinoyat ishlari boʼyicha Qarshi shahar sudiga yuborilib, sud hukmiga koʼra, janjalda ishtirok etgan har bir huquqbuzarga oʼn besh sutka maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi.
Аyni kezlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish borasida keng qamrovli profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Text to speech