XАLQPАRVАR INSONGА EHTIROM
Bugun Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, davlatimiz mustaqilligi asoschisi Islom Karimov tavallud topgan kun munosabati bilan ertalabdan Qashqadaryo viloyati bosh maydonida qad rostlagan Islom Karimov haykali poyida viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat birlashmalari rahbarlari, faxriylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari jam boʼlishdi. Yigʼilganlar xalqimizning buyuk farzandi Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qoʼyib, hurmat bajo keltirishdi.
Tadbirda ishtirokchilarga xalqparvarligi, betakror xislati, kuchli iqtisodiyotchi va islohotchiligi bilan dunyo hamjamiyati eʼtirofiga sazovor boʼlgan Islom Karimov dunyo tamaddunida oʼziga xos va mos Prezident sifatida iz qoldirgani eʼtirof etildi. U boshlagan yoʼlni davom ettirish, dunyo hamjamiyatida Oʼzbekiston davlatining oʼrni va nufuzini yanada koʼtarish maqsadida bugun xalqimiz bir tan, bir jon boʼlib mehnat qilish barchamizning burchimiz ekanligi taʼkidlandi.
Oʼz navbatida viloyatning turli shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar ham Qarshi shahriga kelib Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qoʼymoqda. Bu xalqning qalbidan mustahkam va oʼchmas iz qoldirgan farzandiga boʼlgan ehtiromdir.