2 Avgust 2021 yil 574

Xalq va yurt manfaatiga xizmat qilish – oliy maqsad

Bugun xalq va yurt manfaatlariga xizmat qilish yuragida Vatan ishqi bilan yonayotgan har bir fuqaro va rahbarning kundalik vazifasiga aylangan. Bu borada boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari xodimlari va rahbariyati ham xalq tinchligi, fuqarolar osoyishtaligi bilan birga kundalik turmushda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish borasida ham bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Yaqinda Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari polkovnik Bekmurod Аbdullaev vohada jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, sodir etilganlarini “issiq izlar”da fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatida boʼldi. “Nasaf” oʼyingohida ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining tungi xizmatga shayligini koʼzdan kechirib, jinoyatlarni barvaqt aniqlab oldini olish, roʼy berganlarini izlar yoʼqolmay fosh etish, jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida tegishli yoʼriqnoma berdi. Yigʼinda xodimlarning xizmatga shayligini koʼzdan kechirib, kasbiy va jangovar tayyorgarlikni oshirish borasida tegishli tavsiya va takliflar berdi. Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyat davomida xizmat intizomi va qonunchilikka soʼzsiz rioya etishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala boʼlish, eng muhimi, odamlarda soha xodimlariga boʼlgan eʼtibor va ishonchni yoʼqotmaslik boʼyicha tegishli yoʼriqnoma berdi. Bunda avvalo har tomonlama barkamol, intiluvchan, oʼz ustida ishlashni kanda qilmaydigan kadrlarni joy-joyiga qoʼyish, murabbiylik harakatini keng quloch yoydirish, birinchi rahbardan quyi bugʼingacha boʼlgan rahbarlarning javobgarligini oshirish lozimligini taʼkidladi.
Tadbirda xizmatda ijobiy natijalarga erishgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga Ichki ishlar vaziri oʼrinbosarining “Tashakkurnoma”lari va qimmatbaho sovgʼalar topshirildi.

Text to speech