Voyaga yetmagan shaxslarning tilanchilik bilan shug’ullanishi holatlarini oldini olish va ularni ijtimoiy reintegratsiyasi bilan bog’liq muommolarni hal etishga qaratilgan rejasi ishlab chiqildi
Xalqimiz azaldan oʼzining saxovatpeshalik va bagʼrikenglik xislatlari-yiqilganni suyash, nogiron, boquvchisini yoʼqotgan, chorasiz qolgan insonlarga koʼmak berish kabi fazilatlari bilan nom qozongan. Аfsuski, ana shunday qadriyatlarimizdan oʼz manfaati yoʼlida foydalanishga urinayotgan, toʼrt muchasi sogʼ, yosh boʼlishiga qaramay, oilasi uchun foydali ish qilib roʼzgʼor tebratish oʼrniga, jamiyatda tilanchilik qilib kelayotganlar soni ortib bormoqda. Oʼz navbatida bu hol voyaga yetmaganlar orasida ham kam boʼlsa-da, uchramoqda. Yuqoridagi kabi koʼngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi asosida hamkor tashkilotlar bilan mamlakatimizda yil boshidanoq “Voyaga yetmagan shaxslarning tilanchilik bilan shugʼullanishi holatlarini oldini olish, ularning ijtimoiy reintegratsiyasi bilan bogʼliq muammolarini hal etishga qaratilgan 2022 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi.
Mazkur reja talablarini bajarish maqsadida Qashqadaryo viloyati prokuraturasi hamdaIchki ishlar organlari va boshqa mutasaddi idoralar xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruhi shakllantirildi.
Mazkur ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida tilanchilik qilib kelayotgan shaxslarni aniqlash va ular bilan profilaktik suhbatlar oʼtkazish maqsadida maxsus tadbirlarni boshladi. Аmalga oshirilgan tadbirlar davomida tilanchilik qilib yurgan voyaga yetmaganlar Qashqadaryo viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʼrsatish markaziga olib kelindi.
Tilanchilik bilan shugʼullanib kelayotgan shaxslar bilan suhbat davomida ular hech kim, hech qanaqa moddiy va maʼnaviy yordam bermayotganligini roʼkach qilishdan nariga oʼtishmadi. Lekin masalaning mohiyatiga chuqurroq kirib borilganda tilanchilik bilan shugʼullanayotgan shaxslarning birortasi hokimiyat, mahalla yoki sektorga borib uchrashmagani, muntazam ish bilan taʼminlanishini soʼrab bormagani maʼlum boʼldi.
Oʼz oʼrnida savol tugʼiladi? Voyaga yetmaganlar nima uchun tilanchilik bilan shugʼullanmoqda?
Voyaga yetmaganlarning tilanchilik bilan shugʼullanishlarining sababi - bu ularning nazoratsiz va qarovsiz qolib ketayotganligidir! Chunki voyaga yetmagan bolalar ota-onadan mehr olmagandan keyin bola koʼchaga intiladi. Koʼchada salbiy xulq-atvorga ega shaxslar bilan tanishib, ularning tuzogʼiga ilinadi. Natijada salbiy xulq-atvorli shaxslarning koʼrsatmalarini bajarishga oʼtadi.
Koʼrib turganingizdek mavzuga jiddiyroq yondoshish talab etiladi. Buning uchun tilanchilikni kasb qilganlarni aniqlab jazolash emas, balki, ularning muammolarini oʼrganib, shu ish bilan shugʼullanishlariga sabab boʼlgan muammolarni aniqlab, yechimini topish muhimroqdir.
Bu kabi tadbirlar viloyatimizda davom etmoqda.