Viloyatda ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlarni oldini olish maqsadida sport murabbiylariga shogirdlarini, ota-onalarga farzandlarini nazorat qilish uqtirildi
Qarshi shahar IIBda “Sport yovuzlikka emas, ezgulikka xizmat qilsin” shiori ostida tadbir boʼlib oʼtdi. Unda viloyat Turizm va sport boshqarmasi, sport toʼgraklari rahbarlari, murabbiylar, sportchilar va sport sohasida tadbirkorlik bilan shugʼullanayotgan fuqarolar ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik Jasur Аtaev ochdi.
Boshqarma boshligʼi oʼrinbosari oʼz soʼzida sport - sogʼlik va salomatlik garovi boʼlib, xalqlarni, elatlarni birlashtiruvchi asosiy vosita, u davlatni dunyoga tanitish bilan birga ravnaqi va porloq kelajagi uchun ham muhimligini taʼkidladi. Yurtimizda sportning turli yoʼnalishlari bilan shugʼullanib, davlatimiz bayrogʼini jahon arenalarida baland koʼtarib, gʼoliblikni qoʼlga kiritayotgan sportchilar talaygina. Sportchilarning samarali saʼy-harakatlari bois dunyo Oʼzbekistonni taniganini qayd etdi. Аmmo keyingi paytlarda ayrim qoʼshtirnoq ichidagi sportchilarning oʼzboshimchaligi, manmanligi, oʼz kuchiiga ortiqcha baho berayotgani, arzimagan bahona tufayli nizoga borayotgani ayanchli holatlarni keltirib chiqarayotganini bildirdi.
Toʼgaraklarda va mustaqil sportning kurash, sambo, jangovar sambo, karate ogʼir atletika turlari bilan shugʼullanib kelayotgan yoshlarning toʼqlikka shoʼxlik, oʼzaro kuch sinashish natijasida oʼrtada kelib chiqqan kelishmovchiliklar, ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlarni keltirib chiqarishga sabab boʼlayotir.
Endi har bir ota-ona farzandining murabbiyi bilan uzviy aloqani yoʼlga qoʼyishi, bolaning oʼqish va toʼgarakdan keyingi vaqti qaerda kimlar bilan oʼtayotgani nazorat ostiga olishi yuzasidan mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qoʼyildi. Yoshlar sport bilan shugʼullanib tuplayotgan kuchini yovuzlikka emas, ezgulikka ishlatishi taʼkidlandi. Jumladan, yaqindagina Qarshi shahrida sport murabbiyi Elbek Rahimovning oʼldirib ketilishi ham aynan sport sohasida oʼzaro kelishmovchilik sabab yuzaga kelgan. Аncha yillardan buyon gazak otib kelgan bu raqobat oqibatda mudhish jinoyatni yuzaga keltirgan. “Rubay” kafesida sodir etilgan qotillik jinoyatiga ham yoshlarning oʼzaro kelishmovchiligi sabab. Spirtli ichimlik taʼsiridan sarxush boʼlgan kasbilik Sh.R. kafega kelib roʼparasida oʼtirgan K.А.ga “nega menga yomon qaraysan” deya udagʼaylagan. Tabiiyki, bu hol raqibga ham yoqmagan. Oqibatda oʼrtada janjal kelib chiqib, K.А.Sh.R.ni oshxona stolida turgan pichoq bilan jarohatlagan. Shifokorlar koʼrsatgan tibbiy yordamlarga qaramay K.А. vafot etgan.
Bu toifadagi yoshlar oʼrtasida sodir etilayotgan jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, yoshlar oʼrtasida sport bilan shugʼullanishni toʼgʼri targʼib qilish bugungi kunning dolzarb vazifasi.
Muhokamada jamoat joyida, koʼpchilikning koʼz oʼngida sodir etilayotgan jinoyatlarni asosan biror joyda ishlamaydigan, ota-ona va mahalla-kuy nazoratidan chetda qolgan yoshlar tomonidan sodir etayotgani aytib oʼtildi.