IIV ishchi guruhi hamda Qashqadaryo viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat IIBda xizmat qilayotgan xotin-qizlar oʼrtasida voleybol musobaqasi oʼtkazildi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabr kunidagi “Sogʼlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoniga asosan, Qarshi olimpiya zahiralari sport maktabida IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va Kadrlar bilan taʼminlash departamenti va viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi tashabbusi bilan ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlar oʼrtasida sportning voleybol turi boʼyicha musobaqasi boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB sohaviy xizmatlarida faoliyat koʼrsatayotgan xotin-qizlardan tuzilgan oltita jamoalar oʼzaro bellashdilar.
Qizgʼin bahslar va bellashuvlarda har jamoa aʼzolari bor mahorat va tajribalarini ishga solib gʼoliblik uchun kurash olib borishdi. Musobaqada viloyat IIB jamoasi faxrli 1-oʼrinni qoʼlga kiritdi. Navbatdagi sovrinli oʼrinni esa boshqarma JIE departamenti voleybolchilari egalladi.
Gʼolib jamoalar viloyat IIBning “Diplom”i va qimmatbaho sovgʼalari bilan taqdirlandi.