31 Avgust 2024 yil 407

Viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi bayrami munosabati bilan “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh g‘oya asosida tadbir bo‘lib o‘tdi

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi bayrami munosabati bilan “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh g‘oya asosida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unga boshqarma tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari, faxriylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Ismoilov ochib, Ichki ishlar vazirining shaxsiy tarkib, tizim faxriylari va xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etgan  xodimlarning oila a’zolariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

-Yangi O‘zbekiston nomi bilan dunyoga yuzlanayotgan mamlakatimizda mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami barcha sohalarda ulkan yutuqlar va betakror yangilanishlar bilan kutib olindi. 

O‘tgan davrda ona diyorimizda asrlarga tatigulik ishlar qilindi. Tizimda kechayotgan islohotlarning tub mohiyati soha xodimlari fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash bilan birga kundalik tashvishlari va yumushlarini bartaraf etishga ko‘maklashish, tunu kun xalq xizmatida bo‘lishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, - dedi boshqarma boshlig‘i o‘z so‘zida. - Bunday sa’y-harakatlar zamirida, avvalo, Vatan tinchligini asrash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va aholi turmush farovonligini oshirish bosh maqsad etib belgilangan. Bu borada ichki ishlar organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan talablar mutlaqo yangicha tus olib, fuqarolarga namunali xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Tadbirda muhtaram Prezidentimizning mustaqillikning 33 yilligi munosabati bilan imzolagan Farmoniga ko‘ra, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Qamashi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Nodir Raximov “Sodiq xizmatlari uchun”, Ko‘kdala tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori, katta serjant marhum Primov Elbek O‘ktamovich “Jasorat” medali bilan taqdirlangani voha ichki ishlar organlari xodimlari xizmatiga berilgan yuksak baho ekanligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, 7 nafar viloyat ichki ishlar organlari xodimlari  Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga binoan “A’lo xizmatlari uchun” va I-II-III-darajali  “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, Faxriy yorliq, qo‘l soati hamda pul mukofotlari, bir nafar xodimga muddatidan oldin maxsus unvonlar, bir nafar faxriyga esa “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek joriy yilning 13-16 avgust kunlari Buxoro viloyatida «To‘maris izdoshlari» musobaqasining respublika bosqichida 18 jamoadan iborat ichki ishlar organlari ayol xodimalari o‘rtasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan viloyati IIB xotin-qizlari umumjamoasi boshqarma boshlig‘i tomonidan taqdirlandilar.

Text to speech