Viloyat IIB va Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʼlimi oʼrtasida memorandum imzolandi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 aprel kunidagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qaroriga koʼra “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish kontseptsiyasi” tasdiqlangan boʼlib, unga koʼra, ichki ishlar organlari xodimlarining dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, vatanparvarlik, gʼurur, iftixor, kasbga nisbatan sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri etib belgilandi.
Kontseptsiyaga koʼra, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish-oliy burchimiz!” kontseptual gʼoyasi asosida tashkil etilmoqda. Bu borada ichki ishlar organlarida xodimlarning maʼnaviy va maʼrifiy bilimlarini oshirish maqsadida ichki ishlar organlari tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tubdan takomillashtirish, xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga tushuntirish, kitobxonlik madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan ijodiy hamkorlikni taʼminlash koʼzda tutilgan.
Memorandumga koʼra, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, vatanparvarlik, mardlik, faxr va iftixor tuygʼularini mustahkamlashga qaratilgan ijodiy uchrashuvlar oʼtkazish kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida hamkorlikka kelishildi.
Vohada ijod qilayotgan shoir, yozuvchi va adiblarning boy maʼnaviy merosi, ijod mahsuli, tarbiyaviy ahamiyatga ega asarlarni ichki ishlar organlari xodimlari oʼrtasida targʼibot qilish va xodimlarning dunyoqarashini yuksaltirish, zamonaviy texnologiyalar asosida maʼnaviy-maʼrifiy yoʼnalishdagi seminarlar va uchrashuvlar tashkil etishda audio va video dasturlardan foydalangan holda badiiy kechalar tashkil yetiladi.
Muntazam ravishda viloyat ichki ishlar organlarining tarixi va bugungi kundagi faoliyati yuzasidan kitob va turli xil qoʼllanmalar ishlab chiqilishida faol hamkorlik qilib, sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish maqsadida, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ham hamkorlik qilinadi.