23 Mart 2020 yil 717

Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2019 yil 24 yanvarь kunidagi «Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ilmiy yondashuvlar asosida huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʼyicha yangi metodika va oʼziga xos tajriba yaratishga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi 16-sonli farmoyishi ijrosini taʼminlash maqsadida, ishchi guruh joriy yilning 15 mart kunidan Qashqadaryo viloyati Nishon tumani IIBda oʼz faoliyatini olib borishmoqda.

Ishchi guruh tomonidan tuman hududida sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlarni oʼrganish jarayonida, joriy yilning 10 mart kuni soat 13:00larda Nishon tuman “Yangiobod” MFY hududidan oʼtgan chorahada “Neksiya” va “Matiz” rusumli yengil avtotransport vositalari toʼqnashuvi natijasida “Matiz” rusumli avtotransport vositasida yoʼlovchi sifatida ketayotgan fuqaro R.Shuxratning badaniga oʼrtacha ogʼirlikdagi tan jarohati yetkazilgan. Mazkur holatda jinoyat alomatlari mavjudligi uchun Nishon tumani IIB TB tomonidan JKning 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.

Yuqoridagi hodisa yuzasidan uning sababi, unga imkon bergan shart-sharoitlar va boshqa holatlar muhokamasiga bagʼishlanib, joriy yilning 19 mart kuni IIV Аkademiyasining masʼul xodimlari podpolkovniklar M.M.Xaydarov, А.S.Vaxidov, tuman IIB boshligʼining YoMB oʼrinbosari podpolkovnik А.Q.Аstanaqulov, tuman IIB YHXG DYHX katta inspektori kapitan А.J.Xasanov va “Yangiobod” MFY raisi, IIB TP profilaktika inspektori, mahalla oqsoqollari hamda faollari, shuningdek ushbu mahallada istiqomat qiluvchi 30 nafar fuqarolar ishtirokida yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda yoʼl transport hodisasining sababi, unga imkon bergan shart-sharoitlar atroflicha muhokama qilindi, uchrashuvda ishtirok etgan masʼul xodimlar va mutaxassislar soʼzga chiqishib, kelgusida shunga oʼxshash jinoyatlar takror sodir etilishini oldini olish, aholi oʼrtasida tushuntirish ishlarini samaradorligini oshirish, yoʼl harakati ishtirokchilari tomonidan yoʼllarda harakatlanish madaniyatiga va qoidalariga qatʼiy rioya qilish, ularning masʼuliyatini oshirish toʼgʼrisida taklif va tavsiyalar bildirib oʼtildi.

Shu bilan bir qatorda yigʼilish ishtirokchilari, mahalla oqsoqollari va faollar mazkur holat yuzasidan fikr-mulohazalari eshitilib, kelgusida shunga oʼxshash jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasidagi aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Text to speech