5 Noyabr 2021 yil 800

Quvonchli vа hаyajonli lаhzаlаrgа boy boʼldi

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda 25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan Qashqadaryo viloyati IIBda tantanali yigʼilish boʼlib oʼtdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari, shahar-tuman ichki ishlar boʼlimlari xodimlari, tizim faxriylari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat IIB boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev ochib, Ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlari xodimlariga yoʼllagan bayram tabrigini oʼqib eshittirdi. Shuningdek, notiq soha vakillarining qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan faoliyati muhtaram Prezidentimiz va vazirlik rahbariyati tomonidan munosib taqdirlanayotganini taʼkidladi.

Prezidentimizning joriy yil 24-oktyabrdagi “Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bir guruh xodimlarni mukofotlash toʼgʼrisida”gi farmoniga asosan davlat mukofotlariga sazovor boʼlganlar qutlandi.

Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʼiga binoan viloyat IIB tizimlariida faoliyat koʼrsatayotgan bir guruh xodimlar I, II, III darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, “Аʼlo xizmatlari uchun”, “Tezkor xizmatning aʼlochisi” koʼkrak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining esdalik qoʼl soatlari va boshqa qimmatbaho sovgʼalari bilan taqdirlandi. Yana bir qancha ofitserlarga navbatdagi maxsus unvonlari topshirildi. Xuddi shunday, ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan bir guruh faxriylarga “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” koʼkrak nishonlari topshirildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondonining tegishli buyrugʼi asosida “Namunali xizmatlari uchun” koʼkrak nishoni, bir guruh xodimlar viloyat hokimligi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovgʼalariga sazovor boʼlishdi.

Tadbirda ichki ishlar organlarining eng yaxshi xodimlari nominatsiyasi va eng faol faxriylar koʼrik-tanlovining viloyat bosqichi gʼoliblari diplom, esdalik sovgʼalari va pul mukofotlari bilan ragʼbatlantirildi.

Bir piyola choy ustida oʼtgan bayram quvonchli va hayajonli lahzalarga boy boʼldi.

Text to speech