30 Sentyabr 2024 yil 576

USTOZLAR EHTIROMDA

IIV Qashqadaryo akademik litseyida 1 oktyabr  Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, Faxriylar kengashi a’zolari, litseyning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etishdi. Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor Rajapov ochib, boshqarma boshlig‘ining soha fidoyilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Ustoz, o‘qituvchi, murabbiy deganda barchamizning ko‘z o‘ngimizda qo‘limizga qalam ushlatib, ilk harf va yozuvni o‘rgatgan fidoyi muallim, hokisor inson gavdalanadi. Fidoyilik bilan o‘qituvchilikdek mas’uliyatli va sharafli kasbni e’zozlab mehnat qilayotgan insonlarga har qancha ehtirom ko‘rsatsak kam.
O‘qituvchidan tashqari, hayotda inson turli mavzularda ustozlar o‘gitiga ehtiyoj sezadi. Ana shunday damlarda har qanday muammoga yechim topuvchi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi murabbiy-ustozlarning beminnat ko‘magi hayot yo‘llarmizni yorituvchi mayoq bo‘ladi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirining “O‘zbekiston Respublikasi IIV ta’lim muassasalarining bir guruh xodimlarini mukofotlash to‘g‘risida"gi buyrug‘iga ko‘ra, akademik litseyning bir guruh o‘qituvchilariga vazirlikning “Faxriy yorlig‘i”, esdalik qo‘l soati va pul mukofotlari hamda boshqarma boshlig‘ining “Faxriy yorlig‘i” hamda
Umumta’lim fanlar kafedrasi boshlig‘i Barat Yaxshiboyevga respublika Ilm-ma’rifat markazining Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan “Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” esdalik ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Bayram dasturida litsey o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan ustozlarga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar va she’rlar barchaga zavq bag‘ishladi.

Text to speech