Hurmatli Mirishkor tumani aholisi!
Avvalo, siz azizlarga muhtaram
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar — mahallalarda xavfsiz va
osoyishta muhitni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning
huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi vazifalarning amalda bajarilishi
bizning kundalik faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishi ekanini alohida
ta’kidlamoqchiman.
Shu munosabat bilan, sizlarga murojaat qilish
zaruratini his etdim.
So‘nggi vaqtlarda tumanimizda fuqarolarni
aldash yo‘li bilan, ayniqsa, bank kartalaridagi mablag‘larni firibgarlik yo‘li
bilan qo‘lga kiritish holatlari ko‘paymoqda. Kiberjinoyatlar — zamonaviy
davrning eng xavfli ko‘rinishlaridan biridir va ularning oldini olishda sizning
ogohligingiz va hushyorligingiz beqiyos ahamiyatga ega.
Quyida ayrim firibgarlik usullari haqida
ogohlantirib o‘tmoqchiman:
1. O‘zini “bank xodimi” deb tanishtirgan
shaxslar:
Noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, sizga
imtiyozli kredit, fond mablag‘i, yoki pensiya tayinlash haqidagi yolg‘on
va’dalar bilan sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni so‘rashlari mumkin. Unutmang
— hech qachon telefon orqali pasport raqami, plastik karta ma’lumotlari, yoki
yuz tasviringizni hech kimga yubormang. Bu — firibgarlik!
2. Shubhali ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar:
Telegram va boshqa tarmoqlarda “Bu sizmisiz?”,
“Sud qarori siz haqingizda chiqdi”, “Mashina yutdingiz” kabi xabarlar orqali
sizni bosim ostiga olishga va linklarga kirishga undashadi. Bu xabarlar orqali
qurilmangizga zararli dastur o‘rnatilishi yoki shaxsiy ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanishi
mumkin.
3. Soxta raqamlar va sovg‘a va’dalari:
Firibgarlar o‘z raqamlarini yirik tashkilotlar
yoki xizmatlar raqamlariga o‘xshatib, sizga “yutuq yutib oldingiz” kabi
xabarlar yuborishadi. Maqsad — sizning bank kartangizga, shaxsiy
identifikatsiyangizga kirib olish va undan keyin nafaqat pulingizni, balki
nomingizdan kredit olishgacha borishadi.
Sizdan iltimos qilamiz:
• Bunday
holatlarda suhbatni darhol yakunlang.
• Zudlik
bilan 102 raqamiga murojaat qiling va holat haqida xabar bering.
• Har
qanday shubhali holat yuzasidan ichki ishlar organlariga xabardor qiling. Biz
sizning murojaatingiz asosida zarur choralarni ko‘ramiz.
Shuningdek, sizga zararli havolalarni
aniqlovchi va oldini oluvchi @kiber_yordamchi_bot Telegram botidan
foydalanishingizni tavsiya qilamiz. Bu vosita sizni va yaqinlaringizni
firibgarlarning ko‘zbo‘yamachiliklaridan himoya qiladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Mahallamiz osoyishtaligini ta’minlash —
hammamizning burchimiz. Jinoyatlarga qarshi birgalikda kurashaylik, ogoh va
hushyor bo‘laylik.
O‘z uyimiz, o‘z mahallamiz, o‘z tumanimiz — o‘z
qo‘limizda!
Hurmat bilan,
Mirishkor tumani IIB boshlig‘i
G’ayrat Xaydarov