Oʻrganish, tahlil va tanqid
Respublika ishchi guruhi Qashqadaryodagi oʻrganishlar davomida viloyat tuman-shaharlarida boʻlib, taʼlim, sogʻliqni saqlash, huquqni muhofaza qilish va boshqa yoʻnalishlardagi yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrdi.
Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov va Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov dastavval Chiroqchi tumanidagi “Olmazor” mahalla fuqarolar yigʻinida barpo etilgan yengil konstruksiyali koʻchma mahalla huquq-targʻibot maskani faoliyati va hududda aholi bandligini taʼminlash ishlari bilan tanishdi.
Masʼullar mazkur mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagani sababli yengil konstruksiyali koʻchma huquq-tartibot maskanini kriminogen vaziyati ogʻir mahallada oʻrnatish maqsadga muvofiq boʻlishini taʼkidlashdi.
Ishchi guruhning keyingi manzili tuman markazida joylashgan “Tomorqachilik ilmiy-amaliy markazi tomorqa xizmati” MCHJ boʻldi.
Markaz aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash mexanizmini yanada takomillashtirish, «mahallabay» ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambagʻallikni qisqartirishga zamin yaratishi lozimligi qayd etildi.
Ishchi guruh aʼzolari Yakkabogʻ tumanidagi “Darmon farm” korxonasida ham boʻlib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda ushbu korxona mahsulotlari xorijga eksport qilinmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh qadoqlangan mineral suv ishlab chiqaruvchi “Davr eko botlers” xususiy korxonasi faoliyati hamda Aygʻirkoʻl massivida qad rostlayotgan koʻp qavatli turarjoy binolari qurilishini ham koʻzdan kechirdi.
Shahrisabz shahridagi “Hunarmandchilik markazi” barchada ijobiy taassurot uygʻotdi. Markazda “Ustoz-shogird” anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Xotin-qizlar tomonidan qoʻlda tayyorlanayotgan mahsulotlar xorijiy va mahalliy sayyohlar tomonidan muntazam xarid qilinayotir.
Oʻz navbatida, bu xotin-qizlar bandligini taʼminlayotir, ular doimiy daromad manbaiga ega boʻlishmoqda.
Prezidentimizning tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotida mamlakatimizda yuqori texnologik operatsiyalarni rivojlantirish, hududlarda tibbiy koʻrik va davolash ishlarini tartibga solish muhimligi, bunda xalqaro hamkorlik har tomonlama zarurligini taʼkidlab oʻtgan edi. “Doktor Boboyev” jarrohlik klinikasi nafaqat Kitob tumani, balki viloyat miqyosida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Klinika faoliyati bilan tanishish jarayonida ishchi guruh aʼzolari turkiyalik taniqli professor, onkoginekolog Murat Naki hamda doktor Sevahir Teksan boshchiligidagi delegatsiya bilan suhbatlashdilar.
Arabxona - Qarshi shahrining shimoli-gʻarbiy darvozasida joylashgan mahalla. Mahalla ahlining aksariyati broyler zotli tovuqlarni yetishtirib, oʻzini oʻzi ish bilan band qilib kelmoqda. Ishchi guruh mahalla ahlining parrandachilik boʻyicha orttirgan ilgʻor tajribasini ijtimoiy jihatdan ogʻir hududlarga tatbiq etish boʻyicha tavsiyalar berishdi.
Shundan soʻng Qarshi shahridagi 17-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasi, 18-sonli koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida boʻlib, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Kasbi tumanidagi Qamashi qishlogʻida “Obod mahalla” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Oʻrganishlar jarayonida Ichki ishlar vazirligining alohida ishchi guruhlari tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash, aholi murojaatlari bilan ishlash, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi hamda yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash, quyi tizimlarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida maxsus profilaktik tadbirlar olib borildi.
Bu tadbirlar davomida 43 ta jinoyat, 75 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holati aniqlanib, qidiruvda boʻlgan 20 nafar shaxs ushlandi. Muqaddam sodir etilgan 7 ta jinoyat ochildi. Yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan reydlarda 1889 ta qoidabuzarlik aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi.
Oʻrganishlar natijalari viloyat hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda muhokama qilindi.
Xususan, Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi amalga oshirilgan ishlar qoniqarli darajada tashkil etilmaganini tanqid qildi.
Aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishda sektor rahbarlarida tashabbuskorlik yetishmayotganini aytib oʻtdi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, adliya, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholi murojaatlari bilan ishlash, aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishlarida yechimini kutayotgan muammolar talaygina ekanini qayd etdi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov jinoyatchilikning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib, joriy yilning birinchi choragida viloyatning 83 foiz mahallasida jinoyatlarning oldi olinganini, lekin bu xotirjamlikka berilishga asos boʻlmasligini taʼkidladi.
Joylarda amalga oshirilayotgan profilaktik ishlarni yanada jadallashtirish kerakligini bildirdi.
Shuningdek, jinoyatchilik koʻrsatkichi boʻyicha “qizil hudud” hisoblangan mahallalarni “sariq”, “sariq hudud”larni esa “yashil”ga aylantirish uchun mavjud barcha kuch va imkoniyatlardan samarali foydalanish, sektor rahbarlari tashabbus koʻrsatib, profilaktika inspektorlari va mahalla raislari bilan kriminogen vaziyatni kunlik tahlil qilishi shart ekanligi uqtirildi. Joylarda «mahallabay» va «fuqarobay» usullarida ishlarni tashkil etish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan Chiroqchi va Koson tumanlari sektor rahbarlari faoliyatiga tanqidiy baho berilib, qattiq ogohlantirildi.
Sodiq Rahimov, “Postda” muxbiri. Qashqadaryo viloyati.