Unutilgan sumka topildi
Xorazm viloyati Gurlan tumani “Paxtakor” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Sohiba Yo‘ldosheva Shahrisabz shahri tarixiy markaziga ziyorat va sayohat maqsadida farzandlari bilan tashrif buyuradi. Sayohat davomida S.Yo‘ldosheva markaz hududida dam olish uchun o‘rnatilgan o‘rindiqlardan biriga o‘tirib, shundan so‘ng harakatlangan vaqtida ichida qo‘l telefoni, pul mablag‘i va boshqa anjomlari bo‘lgan sumkasini unutib qoldiradi. Shundan so‘ng, fuqaro S.Yo‘ldosheva zudlikda tarixiy markaz hududida xizmat olib borayotgan Qashqadaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga murojaat qiladi. Boshqarma xodimlari podpolkovnik Ma’ruf Madiyev va kapitan Mirjalol Mursalovlarning tezkor sa’y-harakatlari hamda videokuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganish orqali sumka xiyobon hududidan topilib, narsalari to‘liq holda fuqaro S.Yo‘ldoshevaga topshirildi. Mahalliy sayyoh S.Yo‘ldosheva boshqarma xodimlarining amaliy yordamidan minnatdorligini, bu esa o‘z navbatida hukumatimiz tomonidan xavfsiz turizmni ta’minlash sohasida olib borilayotgan islohotlarning ijobiy natijasi ekanligini bildirdi.