20 May 2023 yil 485

“Tinchlikparvar Oʻzbekistonning tashqi siyosati”

Qashqadaryo viloyati IIBda “Tinchlikparvar Oʻzbekistonning tashqi siyosati” mavzusida “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” boʻlib oʻtdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy boʻlimlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti oʻqituvchisi ishtirok etdi.

Yigʻilishda soʻz olgan Qarshi davlat universiteti Falsafa fakulteti dotsenti Tohir Qurbonov Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosat borasidagi hamkorligi bugungi kunga kelib sifat jihatdan yuqori bosqichga koʻtarilgani, xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, qoʻshni davlatlar bilan yaqin doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratishi natijasida yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy oʻrni va nufuzi keskin oshganini bildirdi. Jumladan, amaliy va faol tashqi siyosat Oʻzbekiston Respublikasining bosh huquqiy asosi Konstitutsiyamizning 17 va 18-moddalarida aks etgan.

Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti ekanligi, davlatning tashqi siyosati boshqa davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga, shuningdek, xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanishi mustahkamlab qoʻyilgan boʻlib, yurtimizning dunyodagi nufuzini yanada oshishiga xizmat qiladi.

“Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”ning navbatdagi kun tartibiga qoʻyilgan masala – Ichki ishlar vazirining yangi qabul qilingan buyruq va farmoyishlari va “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”ni puxta oʻrganish va undagi qoidalarga rioya etish boʻyicha boshqarma MMI va KBTX katta inspektori kapitan Xamza Niyozov maʼruza qildi. Yakunda joriy yilning 10-14 may kunlari Buxoro viloyatining Buxoro shahrida oʻtkazilgan sportning “Usmanov Kombat Sistems” turi boʻyicha xalqaro turnirida faxrli 1-oʻrinni egallaganligi boshqarma TVBSO xodimi serjant Jahongir Mansurov va Qarshi tumani IIB JXX huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori leytenant Barchinoy Avazova diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Xuddi shuningdek, xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib, ichki ishlar organlarida tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, xodimlarning salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash borasida samarali mehnati va zamonaviy davolash usullarini amaliyotga keng tatbiq etish ishlariga qoʻshgan munosib hissasi hamda Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyat IIB davolash profilaktika muassasalari Tibbiyot boʻlimi poliklinika tibbiy hamshiralari Manzura Eshonqulova va Gavhar Astanovalar qimmatbaho sovgʻa va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

 

Text to speech