“Til - millat boyligi”
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Til millat boyligi” mavzusida “Ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlar xodimlari va Qarshi davlat universiteti o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Olimjon Abdullayev ochdi.
Har bir millatning tili uning bebaho qadriyati hisoblanadi. Bu jihatdan qaraganda, muayyan tilda so‘zlashadigan millat vakillarining soni u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi. Asosiy mezon tilning asrlar davomida sayqallanib, shakllangani, muayyan hududda yashaydigan aholiga muomala, muloqot vositasi sifatida xizmat qilgani bilan belgilanadi, - dedi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Olimjon Abdullayev. – Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Mutaxassislarning fikricha, jahon ahli bugungi kunda yetti mingdan ziyod tilda gaplashar ekan. Buni qarangki, ularning faqatgina 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Biror-bir tilning yashab qolishini ta’minlash uchun undan kamida bir million kishi faol foydalanishi kerak, deydi soha mutaxassislari.
Tadbirda Qarshi davlat universiteti Adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nilufar Sultonova so‘zga chiqib, bugungi kunda yer yuzida 50 millionga yaqin inson o‘zbek tilida so‘zlashishini, bebaho tilimiz dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida 1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi, dedi.
Tan olish joizki, mamlakatimizda barcha sohalardagidek, davlat tilining o‘rni va nufuzini oshirish borasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida «Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimizning qoidasiga aylantirishimiz lozim», deya alohida ta’kidlaganlar.
Bundan ko‘rinadiki, davlat tilining taraqqiyoti, uning nufuzini oshirish, unga teran muhabbat va ehtirom borasida ham tamomila yangi bosqich boshlandi.
Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy: «Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmak», deb bejiz aytmagan. Shu ma’noda, mamlakatimizda bugungi kunda davlat tili barcha sohalarda faol ishlatilib, jiddiy va salmoqli ishlar davlat tilida amalga oshirilmoqda. Avvalo, qonunlar o‘zbek tilida yaratilib, idoraviy hujjatlar ona tilimizda yuritilmoqda. Bu, albatta, milliy tilimizga nisbatan hurmat, millatimiz ruhini yanada baland maqomlarga ko‘tarishdir.
Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabr kunidagi “O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyati haqida boshqarma jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilatikasi katta inspektori kapitan Xamza Niyozov, ichki ishlar organlari xodimlari faoliyati bilan bog‘liq favqulodda va boshqa holatlar bo‘yicha ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimi mayor G‘olibjon Azizov ma’ruza qildi.
Tadbirda mavzular doirasida ishtirokchilarning savollariga javoblar berildi.