Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyul kunidagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli Qaroriga ko‘ra qarovsiz uy hayvonlarini himoya qilish maqsadida joylarda yoshlar va voyaga yetmaganlarni hayvonlarga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lishini ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbarligidagi tegishli ishchi guruh tomonidan Qashqadaryo viloyatida bir qator tadbirlar tashkil etilayotir.
Tadbir doirasida yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida “Hayvonlar bizning do‘stimiz” shiori ostidagi kompleks tadbirlar rejasiga muvofiq, viloyat miqyosida barcha mahallalar va ta’lim muassasalarida, aholi xonadonlarida hayvonlarni e’zozlash va ularga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Jumladan, tuman-shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzurida qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlarining barcha xodimlari, tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari, volontyorlar uchun hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni oldini olish borasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Unda yurtimizda hayvonlarga nisbatan bo‘layotgan shafqatsiz munosabatlar, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi ayanchli holatlar aks etgan materiallar to‘g‘risida bevosita ma’lumot berilib, kelgusida bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar tushuntirilmoqda.
Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va Jinoyat kodeksida tegishli javobgarlik belgilanganligi eslatib o‘tildi. Tadbirga tashrif buyurgan diniy muassasaning mas’ul xodimi tomonidan yoshlarni hayvonlarga nisbatan mehrli bo‘lishida diniy tomonidan berilgan tavsiyalar, tarixiy voqealar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Qarovsiz qolgan hayvonlar ushlab turilgan joylar ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, Vazirlik mas’ul xodimi podpolkovnik Shovkat Mirzaxmedov rahbarligida psixologlar ishchi guruhi G‘uzor tumaniga borib, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishdi.
Uy hayvonlarini saqlovchi fuqarolarning yashash uylarida hayvonlarni saqlash sharoitlarini o‘rganish maqsadida, reyd tadbirlari o‘tkazildi. Veterinariya pasporti bo‘lmagan uy hayvonlari xatlovdan o‘tkazilib, tegishli tartibda tibbiy ko‘rik va vaksinatsiya amalga oshirildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda hamkor tashkilot va idoralar bilan birgalikda viloyat miqyosida hayvonot olami bilan bog‘liq turli tanlovlar, musobaqalar, aksiyalar, davra suhbatlari, targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.