“Taraqqiyot strategiyasi — demokratik islohotlar asosi”
Qashqadaryo viloyati IIBda navbatdagi “Maʼrifat darsi”da “Taraqqiyot strategiyasi — demokratik islohotlar asosi” mavzusida kechdi. Uni viloyat IIB boshligʼining oʼrinbosari polkovnik H.Bozorov ochdi.
Mavzu doirasida soʼzga chiqqan viloyat IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik J.Аtaev taraqqiyot strategiyasining birinchi yoʼnalishiga muvofiq, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar yangi pogʼonaga koʼtarilganini taʼkidladi. Jumladan, «Yangi Oʼzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat» gʼoyasini amalga oshirish maqsadida mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va masʼuliyati yanada kuchaytirilishini, davlat funktsiyalarining katta qismi markazdan bosqichma-bosqich hududlarga oʼtkazilishi, mahalla tizimini hokimliklar bilan bogʼlash, ularning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish, markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotganini ishtirokchilarga tushuntirdi.
Аdolat va qonun ustuvorligi xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur sharti ekanligi, bu esa, oʼz navbatida, odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligiga erishish, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, maʼmuriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish muhim vazifa sifatida qayd etilgan.
Uchinchi yoʼnalish milliy iqtisodiyotni zamon talablari darajasida rivojlantirishni koʼzda tutadi. Aholining bandligini taʼminlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga oʼqitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qoʼllab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambagʼallikni ikki barobar qisqartirish ilgari surilgan hayotbaxsh gʼoyalardan yana biridir. «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturlari izchil davom ettirilib, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, zamonaviy yoʼl va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo muntazam avtomobil, temiryoʼl va havo qatnovini yaxshilash boʼyicha yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash, aybdorlarni javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni koʼrish, fuqarolar oʼrtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllantirish ana shu choralar sirasiga kiradi.
Toʼrtinchi yoʼnalishda sifatli taʼlim-tarbiya masalasida adolatli ijtimoiy siyosat yuritish va inson kapitalini rivojlantirish, milliy taʼlim dasturi ishlab chiqilib, maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, oliy taʼlim tizimida esa 50 foizga yetkaziladi.
Beshinchi yoʼnalish boʼyicha maʼnaviy va maʼrifiy sohalarda kechayotgan islohotlar sifat jihatdan yangi bosqichga koʼtariladi. «Yangi Oʼzbekiston − maʼrifatli jamiyat» konsepsiyasi amalga oshiriladi. Milliy qadriyatlar yanada rivojlantiriladi. Oʼzbek tilining davlat tili sifatidagi oʼrni va nufuzi oshiriladi. Madaniyat va sanʼatni yuksaltirish choralari koʼriladi. Ona tili va milliy madaniyatni, urf-odat va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilishi ishtirokchilarga atroflicha tushuntirildi.
Ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qoʼllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga oʼqitish va turar joy bilan taʼminlash choralari ham eʼtibordan chetda qolmaydi. Xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash, ayollar bandligini taʼminlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʼrni va nufuzini yanada oshirish, ularning oʼz salohiyatini namoyon yetishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʼtarish maqsadida Milliy dastur qabul qilinadi.
Oltinchi yoʼnalish iqlim oʼzgarishlari, ekologik muammolar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi umumbashariy muammolarga yechim topish yuzasidan dolzarb vazifalarni oʼz ichiga olgan. Shuningdek, «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʼzaro bogʼliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlar bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish moʼljallanyapti.
Mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashning ishonchli kafolati boʼlgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish yettinchi yoʼnalishning ustuvor maqsadi qilib belgilangan. Bu esa Vatan himoyachilarining jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirish, harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila aʼzolarini qoʼllab-quvvatlash, moddiy taʼminotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʼrishni nazarda tutadi.
Mavzu doirasida tadbir ishtirokchilarining bilim va koʼnikmasi ancha boyidi.