TANLOV G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI
Qashqadaryo viloyatida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida kompleks targ‘ibot tashviqot tadbirlari jadal olib borildi. Oylik yakunlanishi munosabati bilan Qarshi davlat universiteti Yoshlar markazida tadbir g‘oliblari taqdirlandi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochib, bugungi kunda barcha hududlarda sodir etilayotgan jinoyatlar orasida internet va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq holatlar nisbati keskin oshib borayotganini, buning oqibatida fuqarolarham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rayogani, viloyatda sodir etilayotgan jami jinoyatlar orasida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘i keskin oshib borayotganini bildirdi.
Bugungi kunda, fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda bu turdagi qonunbuzarliklarga qarshi kurashishda aholi orasida “kibergigiyena”ni shakllantirish maqsadida joriy yilning iyul oyida o‘tkazilgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi”ni keng qamrovli va ta’sirchan o‘tishida viloyat hokimligi va Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi bilan yaqindan hamkorlik qilingani o‘z natijasini berdi.
Targ‘ibot yo‘nalishida tayyorlangan kontentlar Internet va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilishi natijasida uch million ikki yuz mingga yaqin aholi qamrab olindi va ular kiberjinoyatchilik xavfidan ogoh etildi, - dedi tadbirda so‘z olgan ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Javlonbek Jabborov. - Kibermadaniyatni yuksaltirish borasida vohada targ‘ibot tadbirlari jadal olib borilib, aholining barcha qatlamiga yetib borishi uchun 13 turdagi tanlovlar o‘tkazildi va barcha aholi vakillari unda faol ishtirok etdi. Tanlovda xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlar ham faol ishtirok etdi.
Yakunda Tanlovning “Firibgarlardan ehtiyot bo‘ling” , “Eng yaxshi milliy kontent”, “STOP! Cybercrime”, “Al Xorazmiy avlodlari”, “Kiber tahdidlardan ogohlantiruvchi rasmlar”, “Hajviy roliklar”, “Internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanaman”, “Eng faol mahalla” kabi 13 turdagi nominatsiyalari g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.