24 Dekabr 2022 yil 493

Tabiat – onamiz!

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “ Tabiat – onamiz ” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti ishtirok etdi. Uni viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Shermuxammad Muslimov ochdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi Davlat universiteti dotsenti To‘lqin Raximov o‘tgan asrlarda ishlab chiqarishning rivojlanishi, yangi yerlar o‘zlashtirilishi, zamonaviy qurollar yaratilishi bilan boshlangan ekologik muammo 21 asrda yanada avj oldi. Ona zamin o‘ylamasdan va tartibga solinmagan texnogen ta’sirlardan juda qattiq aziyat chekyapti. Ekologik muammolarning achchiq oqibatlari haqida gapirganda, uzoqqa borish shart emas. Birgina Orol dengizining qurib qolishi qanchalik talafot va inqirozlarni keltirib chiqarganiga bugun har birimiz guvohmiz.

Aslida ekologik muammo, atrof-muhit muhofazasi masalasi birdaniga paydo bo‘lib qolmagan. Yillar, asrlar davomida yetilib kelgan muammo ilk marotaba 1972-yilda Stokgolmda o‘tkazilgan BMT konferensiyasida muhokama qilingan. Davlatimiz mazkur xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda qonunchilik bazasi yaratilgan.

Jazo­ning qat’iyligi va hammaga birdek qo‘llanishi jinoyat sodir etish daraja­sining kamayishiga olib kelishi shubhasiz. Agar bu qoidalar ishlamasa, bunday jinoyatlar yana va yana sodir etilaveradi, ekologiyaga jiddiy zarar yetaveradi.

Qonun talabiga ko‘ra, atrof-tabiiy muhitga zarar yetkazgan korxona, tashkilot va muassasalar, shuningdek, shaxslar yetkazilgan zararni, shu jumladan, boy berilgan foyda o‘rnini qoplashi shart. Bu borada Ichki ishlar vazirligi tomonidan qilinayotgan ishlarni ham aytib o‘tish joiz. Joylarda tegishli mutasaddi idoralar vakillari bilan hamkorlikda ishlaydigan «ekologik politsiya» atamasi vujudga keldi. Profilaktika inspektorlariga o‘z hududida atrof-muhitga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlarga bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak. Bu nima degani? Bu – tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bog‘ yaratish degani. Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur».

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi videoroligi namoyish etildi.

Xizmatda ijobiy natijalar qayd etib sportda zafarli yutuqlarga erishgan Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB xodimasi taqdirlandi. 

 

Text to speech