“Suv resurslari – kelajak uchun”
Qashqadaryo viloyati IIBda “Suv resurslari – kelajak uchun” mavzusida “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” boʻlib oʻtdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy boʻlimlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Ixtiyor Xudoyqulov ochdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti Gidrotexnika inshootlari kafedrasi dotsenti, qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori Toshmamat Doniyorov suv hayot manbai, tabiatning eng noyob, bebaho boyliklaridan biri hisoblanishi, tabiiy muhit muvozanatini saqlab, uni moʻtadil holatda ushlab turuvchi asosiy omil ekanligini taʼkidladi.
Dunyoda yildan yilga suv resurslariga boʻlgan talab tobora oshib bormoqda. Eng yomoni, suv taqchilligi, toza ichimlik suviga boʻlgan talabning oshishi fonida iqlim ham oʻzgarib boryapti, koʻplab nizolar, ekologik muammolar yuzaga chiqyapti. Iqlim oʻzgarishining nafaqat suv miqdori kamayib ketishiga taʼsiri bor, balki tabiiy ofatlar koʻpayishiga olib kelish ehtimoli ham katta. Qurgʻoqchilik, oʻrmon yongʻinlari bilan bir qatorda, suv toshqinlari ham yuz berishi kuzatilmoqda. Shunisi hayratlanarliki, 2000-yildan buyon suv toshqinlari bilan bogʻliq fojialar oldingi yillarga nisbatan 134 foizga oshgan. 1970-yildan buyon suv toshqinlari oqibatida uch yuz mingdan ortiq inson halok boʻlgan, yetkazilgan iqtisodiy zarar esa 1,14 milliard dollarni tashkil qiladi.
Darvoqe, toza ichimlik suvi haqida gap ketganda, bir jihatni yoddan chiqarib qoʻyamiz. Dunyodagi jami suvning 97,5 foizi dengiz yoki okeanlarda joylashgan boʻlib, ichishga yaroqsiz shoʻr suvdir. 2,5 foiz ichishga yaroqli chuchuk suvning ham aksariyat qismi muzliklar, olish qiyin boʻlgan yerosti qatlamlarida joylashgan. Hozirda yer yuzida mavjud boʻlgan chuchuk suv zahiralarining bir foizidangina insoniyat foydalanishi mumkin.
Tahlilchilar 2050 yillarga borib, suvning jahondagi eng qimmatli tabiiy neʼmatlardan biriga aylanishini taxmin qilmoqda. Afsuski, ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari, ham bor.
Shuning uchun hozirgi paytda dunyodagi aksariyat davlatlar, xususan, Oʻzbekistonda ham ekologik tabiiy muvozanatni tiklashdan tortib suvdan tejamkorlik bilan foydalanishgacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni bir necha yillardan buyon yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tabiatni yashillashtirish maqsadida barpo etilayotgan yangidan-yangi bogʻlar, suv yoʻqotilishining oldini olish uchun ariq va kanallarning betonlashtirilishi, qor va yomgʻir suvlaridan samarali foydalanish yoʻlida bunyod etilayotgan suv omborlari misolida koʻrish mumkin.
2023-yilda ham bu boradagi ishlar tizimli davom ettirilib, suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilgan maydonlar hajmi va uning ijobiy samaralari koʻlamini yanada oshirish maqsad qilingan. Oʻzbekiston, shuningdek, qoʻshni davlatlar bilan daryolardan umumfoydalanish, suv muammolarini birgalikda hal etish choralarini koʻrib kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, suv faqat odamlar uchun emas, balki butun tirik jonzot uchun ham zarur boʻlgan bebaho neʼmatdir. Uni tejab ishlatib, kelajak avlodga ham boricha yetkazishimiz kerak.
Yakunda IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati boʻyicha OʻMIB tezkor vakili mayor Jamshid Rasulov hafta mobaynida respublika miqyosida xodimlar bilan bogʻliq sodir boʻlgan salbiy va favqulodda holatlar toʻgʻrisida hamda dunyodagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat yuzasidan Boshqarma TQX Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi oʻrinbosari mayor Begzod Javliyev ishtirokchilarga maʼlumotlar berishdi.