Spirtli ichimlik o‘g‘ilni quyushqondan chiqardi
Yaqinda Ko‘kdala tumani “Baxt” MFYda joylashgan 61-o‘rta ta’lim maktabida sodir etilgan og‘ir turdagi jinoyat bo‘yicha muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Sotvoldiyev va tuman hokimi hamda tuman sektor rahbarlari hamda mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Muhokamada so‘z olgan Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev jinoyatning yuzaga kelishiga shart-sharoit yaratib bergan omillar va uning oqibatlarini chuqur tahlil etib, spirtlik ichimlikka mukkasidan ketish insonni zalolatga yetaklashi, doim zarar keltirishi, kutilmagan to‘qnashuv va janjallarga sabab bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 13 iyun kuni ertalab 06.00 larda Ko‘kdala tumani, “Baxt” MFYda yashovchi P.J. alkogolli ichimlik ta’siridan mast holatda o‘zining yashash uyida janjal ko‘tarib, otasi S.M. va farzandiga pichoq bilan tashlanib va tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng P.J. otasini amakisining uyiga qadar quvib borib, u bilan yana janjallashmoqchi bo‘lganida amakisining farzandlari uni to‘xtatib qolgan.
Jinoyatning sabablari tahlil qilinganda o‘ttiz ikki yoshli erkakning uzzu kun bekorchilikdan muntazam spirtli ichimlik iste’mol qilishga mukkasidan ketgani aniqlandi. Bunday vaziyatda otaning bosiqlik, vazminlik bilan ish ko‘rmagani ta’kidlandi. Oqibatda ertalabdan ota-bolaning tortishuvi yuzaga kelgan. Natija esa ayanchli yakun topgan.
Yig‘ilishda ishtirok etgan tuman hokimi, mahalla raisi va faollari holatga o‘z munosabatlarini bildirib, nuroniylar va faxriylar, ota-onalar yoshlarga sayoq yurmaslik, spirtli ichimlik iste’mol qilmaslik xususida nasihat qilib, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish, ba’zida kechirimlilik, og‘ir-bosiqlik kabi insoniy fazilatlarni bolalar ongiga ko‘proq singdirish lozimligi ta’kidlandi.
Muhokamada bu jinoyat uchun qonunda qattiq jazo belgilangani, qolaversa odam hayotiga suiqasd holatlari qonunda ham, dinda ham qoralanishi ta’kidlandi. Bu kabi jinoyatlarning oldini olish uchun mahalla beshligi faoliyati tanqid ostiga olinib, bundan keyin mahallada qator profilaktik ishlarni amalga oshirish, huquq-tartibot organlari va keng jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish maqsadida profilaktik tadbirlar rejasi tuzildi hamda tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Holat yuzasidan Ko‘kdala tumani prokuraturasi tomonidan P.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O‘zR JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtit chorasi qo‘llangan.