Soxta xaridorning qilmishi
Qarshi shahar “Orzu” bozorida kiyim-kechak savdosi bilan shugʼullanuvchi shaharning “Samarqand” MFYda yashovchi R.X. xaridor koʼpligidan qoʼli-qoʼliga tegmadi. Tushlik oʼtib mundoq kassasiga qarasa pulning choʼgʼi kam. Darhol hisob-kitob qilib, 2 200 000 soʼm kamligini bildiyu, Qarshi shahar 2-sonli IIB boshligʼi nomiga 2021 yil 22 sentyabr kuni ariza bilan murojaat qildi.
Maʼlum qilinishicha, shu kuni soat taxminan 14:00larda bir notanish fuqaro doʼkonga kelib, goʼyoki oʼzini kiyim sotib oladigan qilib koʼrsatib, sotuvchini chalgʼitib, kassadan pullarni yashirin ravishda oʼgʼirlab ketganligini bildirgan. Qarshi shahar 2-sonli IIB va viloyat IIB PPX va JTSB va PPX batalьoni xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida oʼgʼri qoʼlga olindi. U Koson tumani “Ushoqtepa” MFYda yashovchi muqaddam sudlangan X.K. ekan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar 3-sonli IIB TB tomonidan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi.