8 Aprel 2023 yil 294

Sohibqironga ehtirom

Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida nafaqat jangu jadallardagi g‘alabasi, balki donishmandligi va oqil hukmdorligi bilan dunyoga ma’lumu mashhur sohibqiron Amir Temur tavalludining 687 yilligi munosabati bilan “Sohibqironga ehtirom” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy bo‘limlar va sohaviy xizmatlari, hamda Qarshi shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Nishon va Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limlari xodimlari, faxriylar va yoshlar ishtirok etishdi.

Ko‘lami keng tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochib, buyuk davlat arbobi, sohibqiron o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur - 1336 yil 9 aprelda Kesh shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgani, uning yoshligi Keshda o‘tganini aytib o‘tdi.

Mintaqada Amir Temur boshchiligida yagona tug‘ ostida markazlashgan, kuchli va mustaqil davlat tashkil topdi. Amir Temur Movarounnahrni yagona davlatga birlashtirish bilan chegaralanmadi, davlatning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va ma’naviy asoslarini shakllantirib va mustahkamlab, buyuk saltanat darajasiga ko‘tardi. 27 davlatni birlashtirgan Amir Temur saltanatiga mahobati, ma’naviy va ilmiy  kashfiyotlarining boyligi, barqarorligi va qudrati borasida o‘sha davrning birorta davlati tenglasholmaydi. Bu tarixiy haqiqatdir.

Tadbirda buyuk davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur dahosiga bag‘ishlangan adabiyotshunos Nafas Shodmonov asari asosida sahnalashtirilgan “Oqsaroy” nomli tarixiy drama spektakli namoyish etildi.

Spektaklda Amir Temur saltanatida kechgan ichki qarama-qarshiliklar va Shahri Keshda bunyod etilgan Oqsaroy saroyi atrofidagi voqealar jonlantirilgan. Yuksak did va personajlarga asoslangan sahna asarida ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash aks ettirilib, yaxshilik g‘alaba qozonadi.

Ma’rifiy tadbir ishtirokchilarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.

Text to speech