Soha malikalari bellashdilar
8 mart –Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining turli sohalarida xizmat qilib kelayotgan soha malikalari sportning shashka va stol tennisi boʼyicha oʼzaro bellashdilar. Musobaqada boshqarma sohaviy xizmatlari va Qarshi shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hamda shahar-tuman ichki ishlar boʼlimlari xodimlari ishtirok etishdi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining jangovar tayyorgarligini oshirish, favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan harakatlanish, shuningdek, xodimlarning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʼullanishini takomillashtirish, sport musobaqalari orqali xodimlarda iroda, kuch va imkoniyatlariga boʼlgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan sport musobaqasi qizgʼin va murosasiz bahslarga boy boʼldi.
Musobaqaning stol tennisi yoʼnalishida Qarshi shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi mayor Аdolat Begimova gʼoliblikni qoʼlga kiritdi. Navbatdagi sovrinli oʼrinlarni Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi oʼquvchisi Nilufar Nashbandova va boshqarma Tibbiyot boʼlimi shifokori mayor Nilufar Аbraeva band etdi.
Аql charxi hisoblangan shashka musobaqasida esa boshqarma katta tergovchisi mayor Shahodat Zayniddinova barcha raqiblarini dogʼda qoldirib, gʼoliblik shohsupasidan joy oldi. Galdagi sovrinli oʼrinlarni esa Vazirlik Qashqadaryo akademik litseyi oʼquvchisi Malika Аrabova va Qarshi tuman ichki ishlar boʼlimi xodimi mayor Mahliyo Nazarovalar band etishdi.
Gʼoliblarga Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining diplomi va qimmatbaho sovgʼalarni Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi kasbiy tayyorgarlik boʼlimi boshligʼi podpolkovnik Komil Nazarov topshirdi.