13 Avgust 2022 yil 351

“SHHT Samarqand sammiti –tarixiy ahamiyatga molik voqea”

Viloyat musiqali drama teatrida “Shanxay hamkorlik Tashkiloti Samarqand sammiti –tarixiy ahamiyatga molik voqea” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari va Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi davlat universiteti tarix fakulteti dotsenti Abduvali Do‘stov  2001 yil 15 iyunda Xitoyning Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlat rahbarlari uchrashuvida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tuzilganini, bugungi globallashuv sharoitida mintaqaviy va xalqaro miqyosida vujudga kelayotgan keskin o‘zgarishlar davrida hamkorlikning ta’sirchan mexanizmlari samarali natijalarga erishayotganini ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, SHHT mintaqaviy va transmintaqaviy xalqaro tashkilot sifatida katta kuch va salohiyatga ega. Tashkilotga a’zo davlatlardan Rossiya va Xitoy Birlashgan millatlar tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi. Tashkilotning umumiy maydoni Yevroosiyo mintaqasining 60 foizini egallaydi. Dunyo aholisining deyarli yarmi tashkilotga a’zo davlatlarda yashaydi.

SHHTga raislik qilish O‘zbekiston Respublikasiga o‘tishi sammitning muhim voqeasi bo‘ldi. Albatta, bu O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va ta’sirini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Navbatdagi sammitning ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida o‘tkazilishida o‘zgacha bir ma’no va mazmun bor. Zero, Samarqand dunyo tamaddunida o‘z o‘rniga ega ilmiy-madaniy maskan sifatida alohida e’tirofga sazovor shahardir.

Mavzu diorasida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Text to speech