Shahrisabzda haydovchi tuman IIB YHXB boshligʼiga pora berayotgan vaqtida ushlandi
Joriy yilning 3 oktyabrь kuni Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani IIB YHXB YPX katta inspektori А.Haqberdiev xizmati davomida “Matiz” rusumli transport vositasi haydovchisi, 1975 yilda tugʼilgan O.E. avtomashinani mastlik holatida boshqarganligini aniqlagan va belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirgan.
Fuqaro O.E. avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga Shahrisabz tumani IIB YHXB boshligʼi Sh.Otaqulovga 800.000 soʼm miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
YHXB boshligʼi Sh.Otaqulov ushbu holat yuzasidan tuman IIB boshligʼi nomiga bildirgi orqali murojaat qilgan. Xodimning bildirgisi asosida, joriy yilning 5 oktyabrь kuni soat 17:30 larda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro O.E. pora tariqasida jami 1.000.000 (bir million) soʼm pullarni tuman IIB YHXB boshligʼi Sh.Otaqulovga ushbu tumanda joylashgan “Shovkat trans” MChJga qarashli jarima maydonchasida berayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Shahrisabz tumani boʼlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.