22 Fevral 2022 yil 425

Senat ishchi guruhi “Otchopar” mahallasidagi maktabga tashrif buyurdi


Qarshi shahri voha markazi boʼlish bilan birga aholi gavjum yashaydigan maskanlardan biri. Shaharda jinoyatlar va huquqbuzarliklarni oldini olish yoʼnalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ichki ishlar organlari xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida Senatning Xavfsizlik va mudofaa masalalari qoʼmitasi raisi boshchiligidagi ishchi guruh “Otchopar” mahalla fuqarolar yigʼiniga tashrif buyurdi.
3-sektorga qarashli “Otchopar” mahalla fuqarolar yigʼinida bir qator shifoxona va boshqa tashkilotlar joylashgani bois fuqarolar koʼp tuplanadigan maskan hisoblanadi. Mahallaning shimoliy kirish yoʼlida joylashgan boshqarma patrul-post xizmatining tungi vaqtda xizmat koʼrsatuvchi nazorat kuzatuv maskani joylashgan. Huquqbuzarliklar va jinoyatlarni aniqlashga moslashtirilgan videokuzatuv maskanida boʼlgan ishchi guruh qonunbuzarliklarni jilovlash borasidagi imkoniyatlar bilan tanishdi. Oʼrnatilgan videokameralar ogohlantiruvchi SOS signallariga qarab oʼz muvozanatini 360 gradusgacha aylanib, bir yarim kilometrgacha boʼlgan uzoqlikdagi jarayonlarni toʼliq va tiniq tasvirga olib, xotirasiga joylaydi. Bu ishchi guruh tomonidan ijobiy tavsiflandi.
Senatorlar 3-sektor otaligʼiga olingan mahalladagi 44-maktabda boʼlib, taʼlim muassasasida oʼquvchilarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, ayniqsa, maktabda tashkil etilgan yoʼl harakati xavfsizligi sinfi va undagi koʼrgazmali jihozlarni koʼzdan kechirib, oʼquvchilarga yoʼl harakati qoidalari boʼyicha berilayotgan dars va amaliy mashgʼulotlarga yuqori baho berdi. Tashrif doirasida maktab oʼquvchilari bilan savol-javob qilib, dars mashgʼulotlari va fan sirlarini puxta oʼzlashtirgan oʼquvchilarga senatorlar kitoblar sovgʼa qildi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida ishchi guruh maktab bogʼiga daraxt koʼchatlari ekishdi.
Soʼngra, Qarshi shahar IIOFMBda boʼlgan senatorlar situatsion markazda boʼlib jinoyatlarni jilovlash boʼyicha shaharda oʼrnatilgan kuzatuv kameralari imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Qarshi shahar IIOFMBda boʼlib oʼtgan yigʼilishda senatorlar shaharda jinoyatlarni “mahallabay” kesimida tahlil qilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʼlgan taklif va tavsiyalarini berishdi. Bunda “fuqarobay”, “ xonadonbay” usulida mahallalarda profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, yoshlar va fuqarolar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ham tahlil etib, asosiy eʼtibor qaratish lozim boʼlgan jihatlar xususida oʼz fikr-mulohazalarini berdi.

Text to speech