27 Iyul 2022 yil 825

Sarxushlik ortidagi jinoyat

Nishon tumani hokimligida “Kaptarli” mahalla fuqarolar yig‘inida yaqinda sodir etilgan mudhish jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Muhokama yig‘ilishida viloyat IIB, Nishon tumanidagi to‘rtta sektor rahbarlari va mahalla beshligi hamda diniy idoralar, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi, mahalla oqsoqollari, faollar ishtirok etdi.

Muhokama yig‘ilishida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev so‘z olib, Nishon tumanidagi “Kaptarli” MFYda yashovchi jiyanining nikoh to‘yiga kelgan Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashovchi X.E. yarim tunda tort kesish tadbirida shu mahallada yashovchi ko‘yovning jo‘rasi X.J. bilan janjallashib qolganini ta’kidladi. 

Jahl kelsa, aql ketadi deganlaridek, X.E. spirtli ichimlik ta’sirida oshxonadan pichoq olib chiqib, X.J.ning chap ko‘krak qismiga sanchib, tan jarohati yetkazgan.

Muhokamada mahalla faollarining to‘yni vaqtida boshlab tugatishga e’tiborsizlik qilgani, spirtli ichimliklar dasturxonga ko‘p qo‘yilgani yuqoridagi jinoyatni yuzaga kelishiga sabab bo‘lganini ta’kidlandi. Qolaversa, mahalla faollari, fuqarolar o‘rtasida bu turdagi jinoyatlarni oldini olish, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmaslik, yarim tungacha tantanalarni davom ettirmaslik, qoidaga bo‘ysunmaganlarga qonunlardan belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish hamda  profilaktik targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, mahallada yashovchi fuqarolarni bandligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi mas’ullarga tushuntirildi.

Sir emas keyingi paytlarda to‘ylarda ortiqcha dabdababozlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Masalan, tort kesish va shunga o‘xshash millatimizga xos bo‘lmagan odatlar tufayli to‘y yarim tungacha davom etayotgani, natijada fuqarolarning tinchligi, jamoat tartibi buzilayotgani ishtirokchilarga tushuntirildi. Qolaversa, tumanda jamoat tartibini saqlashga mas’ul organlar bunday holatlarni nazorat qilmayotgani, bir kunda qaysi hududlarda to‘y bo‘layotgani va jamoat tartibini saqlashga kuch va vositalarni jalb etish borasida aniq manzilli ishlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini belgilash borasida mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Bundan keyin mas’ullar to‘yni belgilangan tartib-qoidalarga amal qilib o‘tkazishga bosh-qosh bo‘lishi, ortiqcha isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, turli hoyu havaslarga berilib, ortiqcha dabdababozlikni oldini olish borasida fuqarolar o‘rtasida ham targ‘ibot ishlarini olib borish, to‘yni tinch o‘tkazish borasida tushuntirish ishlarini amalga oshirishga oid  fikrlar mas’ullarga tushuntirildi.

Ko‘pni ko‘rgan katta hayotiy tajribaga ega oqsoqollar yoshlarga bu borada o‘z maslahatlarini muntazam berishi bu kabi ko‘ngilsiz holatlar o‘z-o‘zidan barham topishiga xizmat qiladi.   

Holat yuzasidan Nishon tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech