22 Iyul 2022 yil 705

Sarxushlik jinoyatga yetakladi

    Keyingi paytlarda sodir etilayotgan aksariyat og‘ir turdagi jinoyatlar spirtli ichimliklar ta’sirida yuz berayotgani ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Oqibat shu darajaga borib yetmoqdaki, sarxushlikda sodir etilayotgan jinoyatlar ayanchli yakun topmoqda. Jumladan, joriy yil 18 iyul kuni Yakkabog‘ tumani “Obod” MFYda yashovchi ikki nafar fuqaroning janjaliga spirtli ichimlik sabab bo‘lgan. 

   Yakkabog‘ tuman hokimligida mazkur jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB, tumandagi to‘rtta sektor rahbarlari va mahalla beshligi hamda faollari ishtirok etishdi.

    Yig‘ilishida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev tumandagi “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolar M.J. va Y.N. birga spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast bo‘lib qolgach, ikkovlon janjallashganini bildirdi. Oqibat shu darajaga borib yetadiki, ikkovlon jiqqamusht bo‘lib qolgach, atrofdagi fuqarolar ularni ajratib uyiga jo‘natib yuborishadi.

    Shu kuni soat taxminan 21:00larda Y.N. uyiga kelib, oshxona pichog‘ini olib, alam ustida mahalladoshi M.J.ning uyiga boradi. Hovlida yurgan M.J. hech narsadan bexabar unga peshvoz chiqqanda Y.N. uning tanasining duch kelgan joyiga bir necha marta pichoq uradi.

     Muhokamada bu fuqarolarning hech qayerda ishlamasligi, uzzu kun bekorchilikdan spirtli ichimlikka mukkasidan ketganini ta’kidlandi.

   Bundan keyin bu turdagi jinoyatlarni oldini  olish uchun mahalla faollari, “fuqarobay” va “xonadonbay” ishlarni yanada jonlantirishi, vaqtida profilaktik ishlarni amalga oshirib, ularning bandligini ta’minlashi ishtirokchilarga tushuntirildi.  

     Holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech