Sarhisob yig‘ilishi
Dehqonobod tuman IIBda o‘tgan yilda kriminogen vaziyatni jilovlash borasida xodimlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, tuman IIB rahbariyati, tezkor va boshqa sohaviy xizmatlar xodimlari qatnashdi. Yig‘ilishida so‘z olgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Talat Mamatqulov o‘tgan yilda tumanda jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izlar”da fosh etish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida ichki ishlar organi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy-tahlil etdi.
Huquqbuzarliklar, jinoyatlarni
erta aniqlab oldini olish va ro‘y berganlarini fosh etish, qonunbuzarliklarga
barham berish, jamoat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda tuman IIB tezkor
va sohaviy xizmatlar xodimlarining boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar
hamda keng jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikdagi faoliyatini yanada
kuchaytirish lozimligi ishtirokchilarga tushuntirildi.
Faoliyat davomida jinoyatlarni
oldini olish va sodir etilganlarini fosh etishda shaxsiy tarkibning xizmat
intizomi va qonunchilikka rioya etishning ahvoli ham tahlil etilib, bu borada
tegishli tavsiya va yo‘riqnomalar berildi.
Yakunda zimmasidagi majburiyatlarni bekamu ko‘st bajarib, hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.