Respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida oʻz oʻrganishini boshladi
Bugungi kunda mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish, aholini qiynab kelayotgan muammoli masalalarni manzilli hal etish davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatida oʻrganish ishlarini boshladi.
Ushbu jarayonlarda asosiy eʼtibor hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlarining hamkorlikda aholini kambagʻallikdan chiqarish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan faoliyati va sektor rahbarlarining tashabbuskorligi viloyatning har-bir shahar-tumanlarining mahallalariga chiqqan holda tahlil qilinmoqda.
Dastlab, Gʻuzor tumanidagi “Batosh” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlgan Ishchi guruh aʼzolari maskanda istiqomat qilayotgan 4879 nafar aholining muammolari qay tariqa hal etilayotganiga eʼtibor qaratdi. Mahallada Hokim yordamchisi Begzod Xamidov aholini 4 toifaga ajratib, asosan ishsiz boʻlgan 225 nafar yoshlar va fuqarolarning bandligini taʼminlashni boshladi.
Jumladan, shu kungacha ishsiz boʻlgan 58 nafar fuqaroga 25 sotixdan yer ajratildi. Ular yerga dehqonchilik qilib, oʻzini oʻzi band qilishi taʼminlandi. 70 nafar ishsiz fuqarolarga 10 donadan mayda shoxli mol korporatsiya asosida tarqatildi. Fuqarolar mollarni 3 oy davomida boqadi. Soʻngra chorva mollarining goʻshti korporatsiya tomonidan sotib olinadi. Molning ilk vazni bilan boqilgan davrdagi vazni solishtirilib, foydasi fuqaroga toʻlab beriladi.
Bundan tashqari chorva va issiqxona hamda parrandachilik asosida kredit olish istagida boʻlgan 97 nafar yoshlarning hozirda hujjatlar tayyorlanib banka topshirildi. Bank kredit ajratgach, yaqin kunlarda yoshlarning bandligi taʼminlanadi. Amalga oshirilgan bu kabi ijobiy ishlarning natijasida 2021-yil va 2022-yilning 1-choragida “Batosh” mahallasida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
“Albatta bu kabi ishlarni birgina mahalla faollari, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi bilan amalga oshirish mushkul. Mahallada istiqomat qiluvchi 15 nafar Nuroniylar kengashi aʼzolari chorva va boshqa kreditlar asosida bandligi taʼminlangan 40 nafar yoshlarni ish yuritishini kuzatib boradi”, deydi mahalla raisi Nilufar Raupova suhbat jarayonida.
Yoshlar yetakchisi Elyor Bozorov tomonidan 6 nafar ishsiz yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 4 nafariga yer ajratiladi, 2 nafar oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan shartnoma pullari toʻlab berilishiga tavsiya berildi.
Keyingi manzil “Buyursin tekstil” MCHJ boʻldi. Gʻuzor tumanida aholi gavjum yashaydigan “Amir Temur” mahallasida joylashgan jamiyat 2022-yil fevral oyidan sinov muddati bilan ishga tushirilgan. Korxonaga xomashyo Xitoy davlatidan olib kelinyapti. Keyinchalik mahalliy xomashyolardan mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
“Asosan, erkaklar koʻylagini ishlab chiqarishga moslashgan jamiyatda bir kunda 450 dona koʻylak ishlab chiqarilmoqda, deydi «Buyursin tekstil” xususiy korxonasi rahbari Gʻanisher Jalolov. Rejaga asosan keyinchalik bir kunda 2000 dona mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jamiyat mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilishni ham rejaga kiritgan. Bir vaqtda 100 nafar xotin-qizlar mehnat qilayotir.
Ishchi guruh vakillari korxonaning eksport salohiyati va kelgusidagi yangi rejalari bilan yaqindan tanishar ekan, bir yoʻla u yerda ishchilarga yaratilgan sharoitlarni ham oʻrganishdi.
Tumanning Amir Temur MFYda investitsiya loyihasi asosida qurilish va xoʻjalik mollariga ixtisoslashgan bozor qurilib, ishga tushish arafasida.
“Ayni kezlarda 70 ta doʻkonni oʻz ichiga olgan bozorda tadbirkorlar faoliyat koʻrsatishi mumkin. Oʻz navbatida bu tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan va bu borada endi ish boshlagan yoshlarga imkoniyat demakdir”, deydi jamiyat raisi Shuhrat Usmonov.
“Mustaqillik” mahallasida boʻlgan ishchi guruh masʼullari “Yoshlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishda profilaktika inspektorining yoshlar yetakchisi bilan hamkorligi” yuzasidan taqdimoti bilan tanishdilar. Mahallaning kirish-chiqish va aholi gavjum boʻladigan maskanlariga videokuzatuv moslamalari oʻrnatilib, profilaktika inspektorining xizmat xonasida tashkil etilgan mini situatsion markazga integratsiya qilinganligi ishchi guruh tomonidan ijobiy baholandi.
Qolaversa, yoshlarni bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar rejasi bilan yaqindan tanishdilar. Bu borada amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tavsiya va takliflar berdi.
Kunning ikkinchi yarmida Qarshi davlat universitetida boʻlgan Davlat maslahatchisi va Ichki ishlar vaziri talabalarning oʻqishi va yashash sharoitlari bilan qiziqdi.
Maʼlumki, kelajak bugundan boshlanadi. Shu bois har bir yoshni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga yashash va oʻqish sharoitlarini yaratish, kerakli adabiyotlar va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash hamda moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha universitet rahbariyatiga kerakli tavsiyalar berildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki respublika boʻyicha kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan 830 talik roʻyxatga kirgan mahallarning 58 tasi Qashqadaryo viloyati ulushiga toʻgʻri keladi. Shu bois respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligining alohida ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash, aholi murojaatlari bilan ishlash, xizmat intizomiga rioya etilishi hamda yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida maxsus profilaktik tadbirlar olib borilib, amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda.
Oʻtkazilayotgan tadbirlar davomida, 28 ta jinoiy va 39 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, tergov va suddan boʻyin tovlab qidiruvda boʻlgan 10 nafar shaxs ushlandi, muqaddam sodir etilib fosh etilmasdan qolgan 5 ta jinoyatlar ochildi.
Yoʻllarda xavfsiz harakatni taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan maxsus tadbirlarda 654 ta qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi.
Aniqlangan kamchiliklar va amalga oshirilgan ishlar natijalari oʻrganishlar yakuniga bagʻishlangan yigʻilishda muhokama qilinadi.
Respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.