6 Mart 2023 yil 224

Respublika idoralararo ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlarining yakunlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyatida Respublika idoralararo ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlarining yakunlari bo‘yicha viloyat hokimligida Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Bahodir Mirzaraximov, viloyat hokimi Murodjon Azimov, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, prokuratura rahbarlari, viloyat, tuman va shahar sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining real holati, aholini gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, ichimlik suvi bilan ta’minlashning ahvoli o‘rganildi.

Bundan tashqari,  O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan vazifalar ijrosi, mas’ul idoralar bilan kunlik faoliyatini tashkil etish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, maktab o‘quvchilari, talabalar, ayollar va yoshlar orasida qonunga itoatkorlik hissini shakllantirish ishlari natijadorligi ham o‘rganilib, aniqlangan mavjud holatlar tahlil etildi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyat ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining real holati iste’mol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, oziq- ovqat zahiralari mavjudligi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir mahallalarda sektor rahbarlari va mahalla faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalar muhokama etildi.

Tadbir jarayonida aniqlangan muammolarni yechimiga ham jiddiy e’tibor qaratildi.

Bular asosan, mahallalarda aholini muqobil energiya resurslari bilan ta’minlash, fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, huquqiy targ‘ibot va davlat xizmatlarini sayyor ko‘rsatish, aholi bandligini, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat tuman va shahar sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillariga ularni hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar yuklatildi.

Tadbir ishtirokchilariga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda yoshlar, ayollar tomonidan va ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlik - mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlik masalalari tanqid qilinib, bu vazifalarga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi tushuntirildi.

Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuniga ko‘ra Qashqadaryo viloyatida aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi  ishlab chiqish vazifasi mutasaddilarga yuklatildi.

Yig‘ilishda ko‘tarilgan muammolar va yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha soha mutasaddilarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr va mulohazalari tinglanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Text to speech