9 Yanvar 2021 yil 851

QONUN USTUVORLIGI VА АDOLАT TАNTАNАSI – BOSH MEZON

Xalqimizning farovon, tinch va osoyishta hayot kechirishini taʼminlash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barchamizning oliy maqsadimizdir.

Bugun Bosh prokuraturada Oʼzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuniga bagʼishlangan bayram tadbiri boʼlib oʼtdi.

Videokonferentsaloqa shaklida boʼlib oʼtgan tadbirda Prezident Аdministratsiyasi, Parlament, Hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbar xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, Bosh prokuratura, Harbiy prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Majburiy ijro byurosi va Аkademiya xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʼmatilla Yoʼldoshev kirish soʼzi bilan ochib, tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlarni bayram bilan tabrikladi.

— Shuni alohida qayd etish joizki, keyingi yillarda Davlatimiz rahbarining prokuratura organlariga boʼlgan alohida eʼtibori va gʼamxoʼrligi tizimimiz rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.

Muhtaram Prezidentimiz 2016 yil 19 dekabrь kuni “8 yanvarni – Oʼzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni” deb belgilash haqidagi qonunni imzoladilar. Taʼkidlash joiz, taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish, umuman, barcha yoʼnalishlarda keng qamrovli va misli koʼrilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda hamda muhim natijalarga erishilmoqda. Prokuratura organlarini xalq prokuraturasiga aylantirish avvalo, tizimda ochiqlik va shaffoflikni toʼla taʼminlash hamda faqat va faqat xalq manfaati yoʼlida ogʼishmay xizmat qilish asosiy vazifa etib belgilandi.

Qonun posboni degan yuksak maqomga muyassar boʼlgan prokuratura xodimlari uchun bunday hayotiy haqiqatlar ustuvor boʼlishi lozim — dedi Bosh prokuror.

Shuningdek, prokuratura isloh qilinib, jazolovchi organ emas, balki tom maʼnoda inson huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlovchi idoraga aylanganligi, butun faoliyat tizimli muammo va kamchiliklarni aniqlab bartaraf etishga yoʼnaltirilayotganligi maʼlum qilindi.

Prokuratura organlari xodimlari xalq ogʼirini yengil qilish, yillar davomida toʼplanib qolgan muammolarni hal etish, aholi farovonligini oshirish, iqtisodiy oʼsishni taʼminlash kabi Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni amalga oshirilishida nafaqat nazorat oʼrnatmoqda, balki bu ishlarda yaqin koʼmakchi va tashabbuskor boʼlayotganligi, bugun xalq bilan ochiq muloqot, fuqarolarning dardu tashvishlariga malham boʼlish, muammolarini joyida hal etish prokurorlarning kundalik ishiga aylanganligi alohida taʼkidlab oʼtildi.

Zotan, Prezidentimiz Oliy Majlisga va xalqqa yoʼllangan Murojaatnomada qayd etganlaridek, oʼz kuchimiz va imkoniyatlarimizga boʼlgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yoʼlida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda.

Tadbir yakunida Bosh prokuror buyrugʼiga asosan halol va fidokorona mehnati bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda qonuniylikni mustahkamlashga oʼzining munosib hissalarini qoʼshib kelayotgan va xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan bir qator xodimlar taqdirlandi.

Bundan tashqari, tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Senati raisi oʼrinbosari Z.Nizomxodjaev, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʼrinbosari А.Saidov, Bosh vazir oʼrinbosari B.Musaev, Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Milliy gvardiya qoʼmondoni R.Djuraev, Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov, Jizzax, Namangan va Sirdaryo viloyatlari hokimlari prokuratura xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, oʼz tabriklarini yoʼlladilar.

Text to speech