31 Avgust 2022 yil 434

“Qatagʼon qurbonlari – istiqlol fidoyilari”

   Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Qatagʼon qurbonlari – istiqlol fidoyilari” mavzusida “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy boʼlimlari va sohaviy xizmatlar xodimlari va Qarshi davlat universiteti oʼqituvchisi ishtirok etdi. Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼining oʼrinbosari polkovnik Olimjon Аbdullaev ochdi.

    Yigʼilishda soʼz olgan Qarshi davlat universiteti tarix fakulьteti falsafa  doktori Shuxrat Toʼraev xalqimiz milliy manfaatlarini himoya qilib, uning porloq istiqboli yoʼlida jismi jonida kuch topa bilgan va bor haqiqatni aytishga jurʼat etgan millatimiz jonkuyarlari va fidoyilari ogʼmachilik va buzgʼunchilikda ayblanib, shaʼniga millatchi, xalq dushmani, aksilinqilobchi hamda burjua malaylari singari asossiz boʼhtonlar bilan laʼnat tamgʼasini bosishdi.

    Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʼlpon, Usmon Nosir, Elbek, Botu, Gʼozi Yunus kabi isteʼdodlar tuhmat-u boʼhtonlar tufayli “xalq dushmanlari” sifatida jismonan yoʼq qilinib, yorqin faoliyati soʼndirildi.

    Maʼlumotlarga qaraganda, 100 mingdan ortiq vatandoshimiz qatagʼon zulmiga uchragan. Ularning bir qismi “xalq dushmani” degan tamgʼa bilan shafqatsizlarcha otib tashlangan. Boshqalari esa uzoq yurtlarga surgun qilingan.

    Ona yurtining porloq istiqboli va ozodligi uchun jonini fido etgan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan “Shahidlar xotirasi” maydoni hamda uning markazida joylashgan “Qatagʼon qurbonlari xotirasi” muzeyi  fuqarolarimizda xususan, yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda.

   Yurtboshimiz tomonidan 2020 yilning 8 oktabrida “Qatagʼon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʼrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi farmoyishiga muvofiq, “Yoʼl xaritasi” ishlab chiqildi va Respublika ishchi guruhi tuzilib, reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatagʼon qurbonlarining nomlarini oqlanmoqda.

   Porloq istiqlolimiz yoʼlida fidokorona kurash olib borgan, hatto bu yoʼlda oʼz jonini ham fido yetgan qatagʼon qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida abadiy yashashi shak-shubhasizdir.

  “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”da boshqarma maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʼi oʼrinbosari podpolkovnik Shermuhammad Muslimov ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish borasida, bosh inspektor Sardor Ostonov esa ichki ishlar vazirligining yangi qabul buyruqlari bilan shaxsiy tarkibni tanishtirdi.

Text to speech