Qashqadaryodagi ochiqlik siyosati masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi
Viloyat "Yoshlar markazi"da “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʼgʼrisida”gi Qonunining Qashqadaryo viloyatidagi ijrosi yuzasidan Oliy Majlisi Senatining qoʼmita majlisi boʼlib oʼtdi.
Unda Oliy majlis Senatining Аxborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʼmitasi tomoni viloyatdagi oʼrganishlari yuzasidan axborot berildi.
Hisobotda aytilishicha, viloyat hokimligining www.qashqadaryo.uz sayti, tuman va shahar hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarining rasmiy saytlarida ochiqlik siyosatiga doir maʼlumotlar yetarlicha kiritib borilmagan. Tuman va shahar hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarining rasmiy saytlarining koʼpchiligi qonun talablariga javob bermaydi.
Shuningdek, davlat hokimiyati va tashkilotlari ochiq maʼlumotlar portali hisoblangan www.data.gov.uz saytiga ham maʼlumotlar kiritib bormagan yoki toʼliq emas. Masalan, viloyat hokimligi joriy yilning iyulь oyiga qadar maʼlumot kiritgan boʼlsa, tuman va shahar hokimliklari birorta maʼlumot kiritmagan. (Аmmo, qoʼmita oʼrganishida viloyat hokimligi ham "maʼlumot kiritmagan", deya xatolikka yoʼl qoʼygan.
Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yildagi PQ-4366-qarori boʼyicha viloyatda 51 ta davlat organi va tashkilotlarida Аxborot xizmatlari tashkil etish rejalashtirilgan. Аmmo, Milliy gvardiya, Sogʼliqni saqlash, Moliya, Iqtisodiyot, Markaziy bank, Oʼrmon xoʼjaligi, Davlat aktivlari, Madaniyat, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash hamda Bandlik boshqarmalariga Аxborot xizmati shtatlari joriy etilmagan.
Yakunda yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash masalalariga jiddiy eʼtibor qaratish choralarini koʼrishga kelishib olindi.